“Hokim yordamchi”lari ishonchni oqlayaptimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan hokim yordamchilari respublikamizning barcha hududlarida ish faoliyatini boshladi.
Xalqimiz mamlakat rivojiga, jamiyatimiz taraqqiyotiga bu lavozim egalari katta hissa qo‘shadi, degan katta ishonch bilan qaramoqda.
O‘zbekiston rahbari esa “Hokim yordamchilari – Prezidentning mahalladagi vakillari hisoblanadi”, deya ularning faoliyatiga yuqori baho berdi.
Xo‘sh aslida bu “Hokim yordamchilari” ana shu ishonchni oqlayaptimi? Xalq ulardan nima kutayapti? Ilk boshlang‘ich faoliyati qanday?
O‘zA — O‘zbekiston Milliy axborot agentligi “Hokim yordamchilari faoliyati” rukni ostida ularning ish ko‘lami, vazifalari, qilayotgan ishlari bilan sizni tanishtirib boradi.
***
“Hokim yordamchilari faoliyati” rukniga kelgan birinchi xabar
HOKIM YORDAMCHISI XALQ XIZMATIDA
Yunusobod tumanida 64 ta mahalla fuqarolar yig‘ini majud bo‘lib, mazkur mahallalarning barchasida tadbirkorlik loyihalarini rivojlantirish, aholi daromadini oshirish, kambag‘allik va ishsizlikka barham berish maqsadida hokim yordamchilari ish olib bormoqda.
Birgina misol, "Qadrdon" mahallasiga biriktirilgan hokim yordamchisi J.Saidaxmedov tomonidan har kuni erta tongdan ish tashkil qilinib, mahalla aholisining yordamga muhtoj qatlamiga ko‘mak berish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarni tadbirkorlikka yo‘naltirish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birgalikda mahalladagi tadbirkorlar bilan ham suhbatlashib ularning muammollarini o‘rganmoqda.
***
PS.: Saytimizda tashkil etilgan “Hokim yordamchilari faoliyati” loyihasida ushbu vazifada ishlayotgan barcha davlat xizmatchilarining joylarda amalga oshirayotgan ishlari yoritib boriladi.
Mazkur ruknga oid fikr-mulohazalaringiz, taklif yoki qo‘shimchalaringiz bo‘lsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin.
Telegram: @UzA_pochta, @Ikrom_Avvalboyev
E-mail: pochta@uza.uz, uzauz@yandex.ru
Telefon: (71) 233-42-84, (71) 233-21-37
Saytimizni kuzatib boring!