Hokim viloyat perinatal markazidagi holatni o‘rgandi
So‘nggi yillarda Sirdaryo viloyati Guliston shahrida joylashgan viloyat perinatal markazi faoliyati tubdan yaxshilandi.
Markaz 2019-2020 yillar davomida ikki bosqichda mukammal ta’mirlanib, eng zamonaviy, yuqori texnologik imkoniyatga ega tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlandi.
Natijada onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati sezilarli darajada oshdi. Homilador ayollarga yordam ko‘rsatish, chaqaloqlarni perinatal skrining ko‘rigidan o‘tkazish, tug‘ma nuqsonlarni barvaqt aniqlash va nogironlikning oldini olish imkoni ortdi. Avvallari, ultratovush tekshiruvi bilan 40-50 foiz onalar qamrab olingan bo‘lsa, endi esa bu ko‘rsatkich 100 foizga yetdi.

Viloyat rahbari bugun ushbu markazda bo‘lib, og‘ir ahvoldagi bemorlar bilan muloqot qildi va ularning salomatligi bilan qiziqdi.
Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, markazni qo‘shimcha jihozlash, qolaversa, bemorlarning yaqinlari uchun ham zarur sharoit yaratish kerakligini ta’kidladi va mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berildi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA