Hokim va yoshlar uchrashuvi
Guliston shahridagi Tadbirkorlar va hunarmandlar markazida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” doirasida Sirdaryo viloyat hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev o‘ziga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Viloyat hokimi yoshlar bandligini ta’minlash, ularning kelgusida yetuk kadr, tadbirkor hamda kasb-hunar egasi bo‘lib yetishishi uchun hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlar hamda davlatimiz rahbarining bu masalaga alohida e’tibor qaratganini ta’kidlab, zamon bilan hamnafas bo‘lib, ko‘proq kitob o‘qib, bilim olish, kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi ko‘plab masalalarda yoshlarga tavsiyalar berdi.

Uchrashuvda viloyat rahbari tomonidan yoshlarning barcha murojaatlari tinglanib, ayrimlari shu yerning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, ba’zilari mas’ullarga biriktirildi.
Shuningdek, ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash va ularni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida 13 nafar yoshga subsidiya asosida moto kultivatorlar, tikuv mashinalari, pishiriqlar tayyorlash uchun moslamalar, noutbuklar, badiyy kitoblar topshirildi.

– Bu yilgi Muborak Ramazon hayiti hayotimda esda qolarli bo‘ldi, –deydi Sardoba tumanidagi Do‘stlik mahallasida “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan Temur Temirov. – Hokim men bilan ham dildan suhbatlashib, kelgusi rejalarim bilan qiziqdi va subsidiya asosida moto kultivator berdi. Endi o‘z kultivatorim bilan mahalla aholisi tomorqalarini shudgorlab bersam, bir kunda o‘rtacha 400 ming so‘m pul topaman. Biz yoshlarga g‘amxo‘rlik qilayotgan Prezidentimizdan juda minnatdorman.

– Viloyatimiz rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv mening hayotimni ham o‘zgartiradigan bo‘ldi, – deydi sardobalik Diyora Rahmatova. – Men hokim bilan suhbat chog‘ida pishiriq pishirishimni aytdim va ular muzlatgich, konditer mahsulotlari pishiradigan asbob-uskunalar jamlamasini berdi. Endi bu ashyolar oilamizga qut-baraka olib kelishiga ishonchim komil.

Xullas, viloyat rahbari bilan uchrashgani kelgan ko‘makka muhtoj yoshlar hukumatimizning yoshlar uchun qilinayotgan g‘amxo‘rligi amaliy ifodasining guvohi bo‘ldi.
Shuhrat Suyarov, Shahriyor Ortiqboyev,(surat),
O‘zA muxbirlari