Hokim qabulida ijtimoiy reyestrdagi oilalarga alohida e’tibor qaratildi
Surxondaryo viloyatidagi Angor tumani hokimi Qosim Mardonovning Yangi hayot mahallasida tashkil etgan sayyor qabulida turli muammolarga duch kelgan murojaatchilar va ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar vakillari qatnashdi.
Ochiq muloqot chog‘ida ularning bandlik, moddiy ko‘mak, uy-joy, tibbiy xizmat va boshqa masalalarga oid murojaatlari tinglanib, soha mutasaddilari ishtirokida muammolarning yechimini topish yo‘llari izlandi. Qo‘shimcha o‘rganish va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etishni talab etadigan murojaatlar bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Mahalladagi 1 ming 115 ta xonadonda 3 ming 876 nafar aholi istiqomat qiladi. 67 ta oila ijtimoiy reyestrga kiritilgan. Ularning 8 tasi yashil, 23 tasi qizil va 36 tasi sariq toifadagi oilalar bo‘lib, sayyor qabul yakunida ijtimoiy reyestrdagi oilalarning muammolarini manzilli o‘rganish, qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va daromad manbalarini oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri