Hokim o‘rinbosarlari malaka oshirmoqda
Mamlakatimizda xalqimiz farovonligi, aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlarining natijadorligiga erishishda yangicha yondashuv va to‘plangan milliy tajribani qo‘llash chora-tadbirlarini yanada yuqori bosqichga olib chiqish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Namanganda boshlangan shahar, tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari hamda milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun o‘quv-amaliy seminari ham ayni shu yo‘nalishga qaratildi. Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan seminar avvalida, uning ishtirokchilari bilan uchrashgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov mazkur anjumandan ko‘zlangan maqsad-vazifalar xususida to‘xtalib, davlat xizmatchilari uchun yaratilgan imkoniyat bilim-malakalarni oshirish, faoliyatni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

To‘rt kun davom etadigan seminarning asosiy maqsadi – davlatimiz rahbarining 2024 yil 18-20 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalarining majlislarida so‘zlagan nutqlarida belgilangan tashabbuslar, shuningdek, 2025 – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da ijro hokimiyati rahbar kadrlari oldida turgan muhim vazifalarni o‘rganish hamda ularning salohiyatini rivojlantirishdan iborat.
Qolaversa, tadbir mobaynida qatnashchilarga mahallabay ishlash tizimining zamonaviy va samarali usullarini joriy qilish orqali iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, joylardagi muammolarni hal etishda mahallalardagi vakillar faoliyatini muvofiqlashtirish, “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini mazmun mohiyatini tushuntirish borasida tushunchalar beriladi.

Shuningdek, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibni saqlash, mahalla va ko‘chalarning xavfsiz bo‘lishini ta’minlash, fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishga ko‘maklashish, yoshlar, ayollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalardagi aholini yanada qo‘llab-quvvatlashga doir bilimlar izchil o‘rgatiladi.
Ishtirokchilar, o‘zini o‘zi boshqarish organlarida “Mahalla yettiligi” faoliyatini yangi mexanizm asosida yo‘lga qo‘yish, joylarda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirishga qaratilgan dolzarb ma’ruzalarni tinglamoqda.

Xususan, o‘quv-amaliy seminarda Davlat boshqaruvi akademiyasi Farg‘ona hududiy filiali direktori Umidjon Fozilovning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlar haqida Sayxunobod, Uychi, G‘ijduvon va Zarbdor tumanlari tajribalari misolidagi taqdimoti hamda Namangan davlat universiteti yoshlar iqtisodiyoti va barqaror biznes kafedrasi mudiri Bahrom O‘rinovning “Aholini rasmiy ish bilan ta’minlash, daromad manbaiga ega qilish, ish o‘rinlarini qonuniylashtirish va ularning soliq hisobotida to‘g‘ri aks etishi” mavzusidagi ma’ruzasi tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari respublika oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor-o‘qituvchilar va tajribali mutaxassislari tomonidan hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish, yoshlar siyosati, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi muammolarini hal etish kabi muhim mavzularda mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Tasdiqlangan dasturga muvofiq o‘tayotgan o‘quv-amaliy seminarda davlat xizmatchilari uchun viloyat musiqali drama teatrida spektakl namoyishi ham bo‘ldi. O‘quv-amaliy seminar yakunida ishtirokchilar olgan bilimlari yuzasidan test sinovlaridan o‘tkaziladi.
Qayd etish darkor, ushbu seminar mas’ul rahbarlarni aholi bilan ishlashda, ularning muammolarini hal etishda, xalqimizning farovonligini yanada oshirish uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar etib ishlashlari uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA