“Hokim kubogi” g‘oliblari munosib rag‘batlantirildi
Andijon shahridagi umumta’lim maktablarining 6-7 sinf o‘quvchilari jamoalari o‘rtasida futbol bo‘yicha o‘tkazilgan “Hokim kubogi” musobaqasi yakunlandi.
O‘quvchi yoshlar o‘rtasida futbolni rivojlantirish va ommaviyligini yanada oshirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, mahoratli yosh futbolchilarni tarbiyalash maqsadida shahar hokimligi hamda Andijon futbol akademiyasi hamkorligida turnir o‘tkazildi. Unda Andijon shahridagi umumta’lim maktablari jamoalari ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Qiziqarli va keskin bahslar asosida qariyb bir oy davom etgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Andijon shahridagi 48-umumta’lim maktabi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
[gallery-21945]
Musobaqada ikkinchi o‘rin 11-umumta’lim maktabi, uchinchi o‘rin esa 50-umumta’lim maktabi jamoalariga nasib etdi.
Musobaqa davomida 50-maktab jamoasi darvozaboni Lutfullo Muhammadumarov “Eng yaxshi darvozabon”, 11-maktab jamoasi a’zosi Muhammadumar Jalilov “Eng yaxshi hujumchi”, 48-maktab jamoasi a’zosi Abdullo Raimov “Eng yaxshi o‘yinchi” deb topildi.
Musobaqa g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbirda yurtimizda yosh avlodni jismonan sog‘lom voyaga yetishi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, ayniqsa, bolalar futbolini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.
Andijon shahar hokimi Bahromjon Abdurahmonov g‘olib va sovrindorlarga diplom, tegishli medal, esdalik sovg‘alari hamda “Hokim kubogi”ni tantanali ravishda topshirdi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari