Hindiston bilan aloqalar ko‘lami tobora kengaymoqda
2 mart kuni Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov yurtimizda bo‘lib turgan Hindiston madaniy aloqalar Kengashi rahbari, Hindiston parlamenti yuqori palatasi a’zosi Vinay Saxasrabudxe bilan uchrashdi.
Martabali mehmon hindistonliklar O‘zbekistonda barcha jabhalarda, jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarini demokratlashtirish va mustahkamlash jarayonida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qiziqish bilan kuzatib borishayotganini bildirdi. Uning fikricha, mamlakatimizning bu boradagi yutuqlari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Hindiston O‘zbekistonni demokratik rivojlanish yo‘lida doimo qo‘llab-quvvatlaydi.
Mamlakatimizga ilk bor tashrif buyurgan Vinay Saxasrabudxe o‘zbek xalqining ko‘ngli ochiqligi, mehribonligi va ijodkorligi, shu bilan birga Hindistonga, hind madaniyatiga nisbatan iliq munosabati va xayrixohligini yaqqol his etganini qayd etdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar so‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-2019 yillarda Hindistonga amalga oshirgan tashrifi keng ko‘lamli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratganini qayd etdi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari va madaniyat arboblari tashrifini uyushtirishni yanada faollashtirish, savdo, investitsiya, ta’lim, tibbiyot, innovatsiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sayyohlik sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikning mavjud salohiyatidan keng foydalanish muhimligi va zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi.
Hindiston madaniy aloqalar Kengashi rahbari ma’lum qilishicha, u rahbarlik qilayotgan tuzilma O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan ta’lim, tibbiy xizmat va turizm infratuzilmasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Muloqot davomida parlamentlararo aloqalar istiqboli ham ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirishga O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarida Hindiston parlamentining yuqori va quyi palatalari bilan hamkorlik qilish maqsadida tuzilgan guruhlar salmoqli hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.
Parlamentlararo muloqotni faol targ‘ib qilish bundan keyin ham hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga qaratilishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuvda Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat ishtirok etdi.
Hindiston madaniy missiyasi vakillarining mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligi va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Gulruh ABDULLAEVA, O‘zA