Hindiston AQSH sanksiyasiga qanday javob beradi?
Ma’lumki, hafta boshida AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Ukrainadagi mojaro 50 kun ichida to‘xtamasa, Rossiyadan neft sotib oluvchi davlatlarga nisbatan ikkinchi darajali sanksiya joriy etish bilan tahdid qildi. Ushbu qaror birinchi navbatda eng yirik xaridor - Hindiston uchun jiddiy muammo keltirib chiqarishi taxmin qilinmoqda.
Oq uyning ehtimoliy sanksiyasiga mazkur qudratli davlat neft vaziri Singx Puri quyidagicha munosabat bildirdi: Agar AQSH Rossiya yonilg‘isiga nisbatan ikkilamchi sanksiya kiritsa, Hindiston neftga nisbatan talabini boshqa manbalardan qondira oladi. Eron va Venesuelaga qarshi sanksiya amalda ekaniga qaramay, bu mamlakatlarda neft yetarli. Qolaversa, qator davlatlar, jumladan Braziliya va Kanada ham ishlab chiqarish hajmini oshirmoqda. Muammo chiqsa, hal qila olamiz. Bir eshik yopilsa, boshqasi ochiladi.
Shuningdek, mulozim Rossiya - Hindiston munosabatining jahon bozori uchun ahamiyati haqida gapirib, RFdan neft xarid qilish yonilg‘i sohasidagi vaziyat barqarorlashishida muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidlagan.
S.Rahimov, O‘zA