Himoya, reabilitatsiya va munosib hayot sari
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan odam savdosidan jabrlanganlar va muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimidagi yangiliklarga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-avgustdagi «Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni hamda «Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Unda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlari va tegishli sho‘’ba mudirlari, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi vakillari, ichki ishlar, bandlik va sog‘liqni saqlash tizimlari mas’ullari ishtirok etdi.
Seminarda, avvalo, odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda zarur xizmatlarga yo‘naltirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Yangi tartibga ko‘ra, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari, ixtisoslashgan muassasalar hamda ayrim nodavlat notijorat tashkilotlariga odam savdosidan jabrlanganlarni dastlabki identifikatsiya qilish vakolati beriladi. Dastlabki va yakuniy identifikatsiya natijalariga ko‘ra, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish istagini bildirgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar belgilangan tartibda «Inson» markazlari va tegishli reabilitatsiya muassasalariga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxsga dastlabki identifikatsiya natijasiga ko‘ra bir oygacha, yakuniy identifikatsiyadan so‘ng jabrlangan deb tan olingan shaxsga esa ko‘pi bilan bir yilgacha maqom berish tartibi belgilangan. Hududiy komissiya tomonidan yakuniy identifikatsiya o‘tkazish muddati o‘n sutkagacha etib belgilangan.
— Seminarda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va identifikatsiya qilishning yangi tartiblariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Eng muhimi, shaxsni faqat aniqlashning o‘zi emas, balki uning keyingi taqdiri, ehtiyojlari va qanday ijtimoiy xizmatlarga muhtojligiga ham e’tibor qaratish zarur. Shu bois har bir holatga individual yondashuv muhim ahamiyatga ega, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi sho‘’ba mudiri Kamoljon Rahmatboyev.
[gallery-31135]
Seminarda boshpanasiz shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida joriy etilayotgan yangi yondashuvlarga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-avgustdagi «Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bilan ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlarini Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari deb qayta nomlash belgilandi.
Shuningdek, boshpanasiz shaxslarni mazkur markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyoti bekor qilinib, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab ular o‘z roziligi asosida markazlarga joylashtiriladi.
Qarorda markazlarga joylashtirilgan shaxslarni vaqtinchalik boshpana, oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlash, shuningdek, ularni individual reja asosida ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olish choralari ham nazarda tutilgan. Seminarda mazkur tartibning mazmun-mohiyati va uni amaliyotga samarali tatbiq etish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Yangi tizimda insonga vaqtinchalik boshpana berish bilan cheklanib qolinmaydi. Uning ijtimoiy holati va ehtiyojlari baholanib, individual reja asosida zarur ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Zarur hollarda tibbiy yordam, psixologik ko‘mak, hujjatlarni tiklash, bandlik va kasb-hunarga yo‘naltirish kabi xizmatlar ham tashkil etiladi. Bu esa insonning nafaqat og‘ir vaziyatdan chiqishi, balki mustaqil hayotga qaytishi uchun muhim omildir.
— Insonni og‘ir vaziyatdan olib chiqish faqat unga boshpana berish yoki bir martalik yordam ko‘rsatish bilan cheklanmasligi kerak. Muhimi, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ruhiy va ijtimoiy jihatdan qayta tiklash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va mustaqil hayotga qaytishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdir. Bu jarayonda har bir insonga individual yondashuv muhim ahamiyatga ega, — deydi seminarda ishtirok etgan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Sirdaryo viloyati hududiy markazi direktori Sohiba Mamasoliyeva.
Shu nuqtai nazardan, seminarda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga manzilli xizmat ko‘rsatish va reabilitatsiya jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Gulistondagi ushbu o‘quv seminari yangi huquqiy mexanizmlarni mas’ul xodimlarga yetkazish barobarida, inson taqdiriga daxldor har bir holatga mas’uliyat bilan yondashish, jabrlangan va himoyaga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun zarur imkoniyatlarni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Eng muhimi, insonni himoya qilish — uni og‘ir vaziyatdan olib chiqish bilan emas, balki munosib hayotga qaytishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish bilan o‘lchanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri