Hermann Parsinger: “O‘zbekiston – madaniyatlarning maftunkor chorrahasi”
O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy merosi mamlakatimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi muhim o‘rnini yaqqol namoyon etadi. Xususan, arxeologiya yo‘nalishidagi xalqaro ilmiy aloqalar qadimiy madaniyatlar va sivilizatsiyalararo munosabatlarni chuqur o‘rganish, yurtimizning noyob merosini dunyo miqyosida keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan “O‘zbekiston – Germaniya: 35 yillik taraqqiyot va hamkorlik” loyihasining navbatdagi mehmoni – taniqli nemis arxeologi va tarixchisi, “Berlin poytaxt madaniyati” jamg‘armasi kuratori, “Prussiya madaniy merosi” jamg‘armasining sobiq prezidenti, professor Hermann Parsinger.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan intervyuda professor Hermann Parsinger yurtimiz bilan ko‘p yillik ilmiy aloqalari, mamlakatimizning Markaziy Osiyo tarixidagi o‘rni, arxeologiya va madaniy merosni o‘rganish borasidagi hamkorlik, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida ilm-fan sohasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi:
– Mustaqillikning 35 yili haqiqatan ham O‘zbekiston tarixida muhim va salmoqli bir davrni ifoda etadi. Bugunga kelib mamlakat Markaziy Osiyodagi muhim davlatlardan biriga aylandi. Ayni paytda Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi geosiyosiy taranglik kuchayib borayotgan bir sharoitda O‘zbekistonning ahamiyati, jumladan, tomonlar o‘rtasida muloqot va vositachilikni ta’minlashdagi roli yanada ortib bormoqda.
O‘zbekiston Yevroosiyo tarixida azaldan muhim siyosiy, madaniy o‘rin egallab kelgan. Shu nuqtai nazardan, mamlakatingiz Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlari bilan mustahkam madaniy hamda ilmiy aloqalarni rivojlantirib kelayotgani nihoyatda muhim va ijobiy ahamiyatga ega.
1995-yilda ilk bor yurtingizga tashrif buyurganim, Toshkent va Samarqanddagi universitetlar hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining arxeologlari, madaniyatshunos olimlari bilan ilmiy hamkorlik o‘rnatganim hali-hanuz yodimda. 1997-1999-yillarda, o‘sha paytda Berlindagi Germaniya Arxeologiya institutining Yevroosiyo bo‘limi direktori sifatida, Boxumdagi Germaniya konchilik muzeyi, Frayberg konchilik akademiyasi mutaxassislari hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutidagi hamkasblarimiz bilan birgalikda mamlakat hududida tadqiqotlar olib borgandik.
Bu tadqiqotlar davomida Qadimgi dunyoning ilk davrlarda xomashyo bilan ta’minlanishiga oid muhim bir masalani oydinlashtirishga muvaffaq bo‘ldik. Samarqand va Buxoro o‘rtasidagi yo‘lning taxminan yarmida, Zarafshon vodiysida joylashgan Karnab hududidagi qadimiy konchilik maskanida arxeologik tadqiqotlar olib bordik. Natijada u yerda miloddan avvalgi II ming yillik boshlariga mansub, ya’ni o‘rta bronza davrida amalga oshirilgan qalay konchiligining izlari borligini ilk bor aniqladik. Bu o‘sha davr arxeologiyasi uchun haqiqiy sensatsiya edi.Chunki bronza ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan qalayning qayerdan olingani masalasi uzoq vaqt davomida olimlar uchun mavhum bo‘lib kelmoqda edi.
Darhaqiqat, men o‘zbekistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni 1990-yillarning boshlaridayoq yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lganman. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan ko‘p o‘tmay, jamiyat va davlat hayotida tub o‘zgarishlar kechayotgan o‘sha murakkab davrda mamlakat, jumladan, ilmiy-tadqiqot muassasalarini saqlab qolish va ularni moliyalashtirish borasida ham jiddiy sinovlarga duch kelgandi. Mamlakat bu sinovlarni muvaffaqiyatli yengib o‘tib, turli ilmiy yo‘nalishlarda ko‘plab xalqaro hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘ydi va shu tariqa ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikning muhim va nufuzli ishtirokchisiga aylandi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoning arxeologiyasi va madaniyat tarixiga oid tadqiqotlarni O‘zbekiston olimlarining ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu, avvalo, uning noyob geografik joylashuvi va hududiy ko‘lami bilan bog‘liq. Mamlakat Orol dengizidan Afg‘oniston chegarasidagi Oks (Amudaryo) daryosigacha, Farg‘ona vodiysi va Toshkent vohasidan Qizilqum cho‘llarigacha bo‘lgan ulkan hududni qamrab oladi. Negaki, u o‘ziga xos madaniy va tarixiy an’analarga ega bo‘lgan bir-biridan farqli madaniy makonlardan iborat. Shu ma’noda, O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi madaniy ta’sirlar tutashgan noyob chorraha vazifasini bajaradi.
2024-yilda Berlin muzeylar orolida namoyish etilgan O‘zbekistonning arxeologik xazinalariga bag‘ishlangan ajoyib ko‘rgazma mamlakatning Markaziy Osiyo va undan kengroq mintaqadagi beqiyos tarixiy ahamiyatini nihoyatda ta’sirchan tarzda namoyon etdi va ushbu boy merosni keng jamoatchilikka yetkazdi.
2023-2024-yillarda Berlin Muzeylar orolidagi “Jeyms Simon galereyasi” va “Yangi muzey”da o‘tkazilgan O‘zbekistonning arxeologik xazinalariga bag‘ishlangan “Makedoniyalik Iskandardan to Kushonlar saltanatigacha” nomli ajoyib ko‘rgazma mamlakatning Markaziy Osiyo va uning sarhadlari ortidagi hududlar tarixidagi o‘ziga xos beqiyos tarixiy ahamiyatini nihoyatda ta’sirli tarzda namoyish etdi va ushbu ulkan tarixiy-madaniy merosni keng jamoatchilikka yanada yaqinroq tanishtirdi.
Arxeologiya azaldan xalqaro hamkorlikka tayangan fan bo‘lgan va shu sababli uning taraqqiyoti ham turli mamlakat olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikka bog‘liq. Buning ahamiyati shundaki, qadimgi madaniyatlar va sivilizatsiyalar tarqalgan hududlar bugungi davlatlarning siyosiy chegaralariga mos kelmaydi. Shu bois arxeologiya sohasida xalqaro hamkorlikning muqobili mavjud emas. Bunday hamkorlik ilmiy metodlar va yondashuvlar, nazariy-konseptual qarashlar, shuningdek, olimlar va talabalar o‘rtasida bilim hamda tajriba almashinuvi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Jahon miqyosidagi yuksak ilmiy tadqiqotlarni xalqaro hamkorliksiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu, ayniqsa, arxeologiya va boshqa madaniyatshunoslik sohalari uchun nihoyatda muhim.
Mamlakatni bir so‘z bilan ifoda etish imkoniyati berilsa, “O‘zbekiston – madaniyatlarning maftunkor chorrahasi” degan bo‘lar edim.
O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. O‘zbekistonning Germaniya va Yevropa bilan yaqin, ishonchli va qadrli hamkorligi abadiy bo‘lsin! Ilm-fan va madaniyatning barcha sohalaridagi hamkorligimiz yanada mustahkamlanib, tobora kengayib borsin!
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA