Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi
Xalqimiz azaldan insoniylik, sahovatpeshalik va bag‘rikenglik kabi oliy fazilatlari bilan nom qozongan. Inson borki, uning ezgulikka yo‘g‘rilgan hissiyot qo‘rg‘oni – yuragi urib turar ekan, kimgadir yaxshiliklar ilinishdan, mehr-sahovat ko‘rsatishdan charchamaydi.
3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni
3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Olmaliq shahridagi kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 80-maxsus maktab-internatida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va shahar hokimligi hamkorligida bayram tadbiri tashkil etildi.

– Inson qadr-qimmati baland bo‘lgan bu yurtda hech kim, ayniqsa bolalar e’tibordan chetda qolmaydi, – deydi kombinat boshqaruvi raisi A.Xursanov.
– Bu yerda maktab tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati namunalarini ko‘rib, farzandlarimiz naqadar iste’dodli ekanliklariga amin bo‘ldim. Jamiyatimizda bizning e’tibor va ko‘magimizga muhtoj insonlar borligi, ularga g‘amxo‘rlik va yordam ko‘rsatish, doimo qo‘llab-quvvatlash kerakligi har birimizning burchimiz sanaladi.

Tadbir davomida tashkilotchilar tomonidan bolalarga shirinliklar to‘plami, ta’lim muassasasiga televizor va oshxona anjomlari sovg‘a qilindi.
Imkoniyati cheklangan, orzu-umidlari bir olam bolajonlarimizning ko‘nglini olish, ularning maqsad va orzularini ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘tkazilgan tadbir ko‘tarinki kayfiyatda yakunlandi.

O‘zA