Hech kim e’tibordan, mehrdan chetda emas
Xalqimizning tosh bosadigan o‘tmishi, qudratli buguni, buyuk kelajagi bor.
Ulug‘ maqsadlar sari tashlagan qadamlari, bosib o‘tgan yo‘li, oshib o‘tgan dovonlari bor... Mustaqillik yo‘lida asrlar osha kurashgan farzandlari bor...
1991 yil 31 avgust. Tarix o‘zani milliy taqdirimizda tub burilish yasadi. Xalqimiz qalbida, mamlakatimiz hayotida eng ulug‘, eng aziz kun sifatida manguga muhrlanib qoldi. O‘sha muazzam kunda O‘zbekiston davlat mustaqilligi e’lon qilindi.
Mustaqillik sharofati. Xalq qaramligiga nuqta qo‘yildi. Ozodlik uchun jon fido qilgan bobolarimiz-momolarimiz ruhi shod bo‘ldi. Xalqimizning asriy orzulari ro‘yobga chiqdi. Millatning g‘ururi, or-nomusi, sha’ni, qadr-qimmati tiklandi. Tilimiz, milliy va diniy urf-odatlarimiz, ma’naviy qadriyatlarimiz o‘zimizga qaytdi. Har bir fuqaro o‘z orzu-umidlariga mos ravishda hayot kechirish, ozod va obod yashash baxtiga muyassar bo‘ldi. Mamlakat ozodlikda erkin nafas ola boshladi.
Ҳамма ish inson huquqlarini tiklashdan, shaxsiy huquq va erkinliklarni ta’minlashdan boshlandi. Butun mazmuni-yu mohiyatiga insoniylik va ezgulik tamoyillarini singdirgan, tub falsafasi, g‘oyasiga ko‘ra eng ilg‘or milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mujassamlashtirgan Bosh qomusimiz — Konstitutsiyamiz qabul qilindi. Va unda jamiki ne’matlar ichida eng ulug‘i bo‘lgan insonning sha’ni, qadr-qimmati oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi.
Bu kabi sa’y-harakatlar uzoq yillar huquqlari cheklangan, insoniyligi toptalgan, tilidan, milliy qadriyatlari va urf-odatlaridan mahrum bo‘lgan xalqimiz uchun juda muhim voq’elik bo‘ldi.
Yangi O‘zbekiston. Vatandoshlarimizning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari yanada rivojlana boshladi. Ayniqsa, aholi sog‘lig‘ini saqlash borasida malakali va zamonaviy tibbiy xizmat turlari kengaydi. Tibbiy muassasalar, ulardagi asbob-uskunalar, laboratoriya va diagnostika markazlari, malakali va sifatli xizmat ko‘rsatish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatimizda maktab ta’limini rivojlantirish uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda va bu borada bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Bugun oliy o‘quv yurtlariga, Prezident maktablariga imtihon topshirayotgan yoshlarni ko‘rib, diling yayraydi. Mamlakatimizda “ijod” maktablari, “Temurbeklar” kabi maktablarning tashkil etilganligi farzandlarimizni yanada keng imkoniyatlar kutmoqda.
Oliy ta’lim tizimi ham yil sayin kengaymoqda. Har bir insonning oliy ta’lim olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda. Pirovadida, mustaqil fikriga, qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lgan, zamonaviy bilimlarni chuqur egallashga azmu qaror qilgan yoshlarimiz oliy ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Darvoqe, xalqaro fan olimpiadalarida farzandlarimiz qo‘lga kiritayotgan shoda-shoda medallar istiqlolning bizga bergan ma’naviy boyliklaridir. Bu boylik erta-indin dunyo tan oladigan Alisher Navoiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Abdulla Muhammad al Xorazmiy, Habib Abdullayev, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ozod Sharafiddinovlar bo‘lib maydonga chiqadi. Ha, yillar o‘tib bormoqda, ortimizdan mustaqillik farzandlari – munosib o‘rinbosarlar kelmoqda.
Shuni g‘urur va iftixor bilan takror-takror aytish mumkinki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik, ahil-inoqlik hukm surayotgani, bunyodkorlik ishlari izchillik bilan davom etayotgani, barkamol avlod erishayotgan yutuqlar, sportchilarimiz zabt etayotgan shohsupalar, barcha-barchasi Mustaqillik sharofatidir.
Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida notinchlik yuz berayotgan, qonli mojarolar avj olayotgan, buning natijasida tinch aholi jabr ko‘rayotgan, uy-joyidan, mol-mulkidan ayrilib, boshpanasiz, himoyasiz qolayotgan ayni zamonda, mamlakatimizda yangi-yangi korxonalar, katta-katta ishlab chiqarish inshootlari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda, muhtasham ta’lim-tarbiya va sport saroylari, madaniyat va san’at koshonalari qad rostlamoqda, shahar va qishloqlarimiz obod, yo‘llarimiz ravon bo‘lib, jannatmakon diyorimiz kun sayin gullab-yashnamoqda.
Toshkent metropolitenining Shahriston – Turkiston bekatlari qurib bitkazilganligi, Do‘stlik metrosidan boshlab aylanma metro yo‘li qurilayotganligi va uning bir qismi ishga tushirilganligi nafaqat toshkentliklarni, mamlakatimiz xalqini quvontirmoqda.
Shahar va qishloqlarimizga ko‘rk berayotgan ijtimoiy inshootlar, namunaviy uy-joylar, dam olish maskanlari, istirohat bog‘lari, ravon ko‘chalar-u yo‘llar turmush tarzimizning naqadar yaxshilanib, hayotimiz farovonlashib borayotganidan dalolatdir.
Mamlakatimiz poytaxtida, keng maydon uzra qurilayotgan “Istiqlol bog‘i” poytaxtliklar va mehmonlar uchun Mustaqillik bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Ha, serquyosh, serjilo diyorimizning qay bir go‘shasiga bormang, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining guvohi bo‘lasiz. Bunday shiddatli taraqqiyotni ko‘rib, buyuk bobomiz Amir Temurning “Bizning kimligimizni bilmoqchi bo‘lsang, biz qurgan imoratlarga boq”, degan so‘zlari yodga tushadi.
Yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarni ko‘p kuzataman. Ular taniqli siyosatdonlar, davlat va jamoat arboblari, olim va mutaxassislar, ko‘pni ko‘rgan sayyohlar. Ular mamlakatimizdagi yutuqlarni hayrat va havas bilan ko‘rib, mubolag‘asiz og‘zi ochilib, erishayotgan natijalarimizga qoyil qolib, ijobiy xulosalar chiqarmoqda. Bu xulosalar zamirida “O‘zbekiston tajribasi”, “O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” kabi haqqoniy poydevorlar yotibdi.
Darvoqe, Mustaqillik – millat hayotidagi eng buyuk voq’elik, asriy orzularimiz ro‘yobi. Uni mustahkamlash, qo‘z qorachig‘imizdek avaylab asrash, iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy asoslarini takomillashtirib borish, jamiyat hayotini doimiy ravishda rivojlantirishga hissa qo‘shish hammamizdan fidoyilikni talab qiladi. Ana shunday fidoyiliklar hisobiga ko‘p natijalarni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston bugun jahonda o‘z o‘rni, o‘z salohiyatiga ega. Dunyo hamjimiyati oldida yuzi yorug‘.
Bunday muvaffaqiyatlarning bosh omili, avvalo davlatimiz siyosatining insoniylik va ezgulik tamoyillari bilan uyg‘unligidadir. Muhimi, har bir insonning huquq va erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmati, turar joyi, mulki va boshqa daxlsiz huquqlari qonunlarimiz, Prezidentimiz himoyasida.
Insoniylik va ezgulik quruq gap emas. Eng avvalo, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilish, xalqimizni rozi qilish, ayniqsa odamlar qalbiga quloq solish, ko‘ngliga yo‘l topish. Bu boradagi ishlar ko‘lami yil sayin kengayib, muhim pallaga kirib bormoqda.
Bu yil biz Mustaqilligimizning 30 yilligini munosib kutib olayapmiz. Eng ulug‘, eng aziz ayyom, erkin, obod va farovon hayot qurish yo‘lidagi barcha yutuq va muvaffaqiyatlarimiz, Mustaqillik yillarida tashlagan odimlarimiz – shu xalq uchun, albatta.
“Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan — shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham — shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan aynan ham shu xalq. Shunday ekan, biz, birinchi navbatda, kim bilan muloqot qilishimiz kerak — odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak — avvalo, xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi. Xalq bizdan rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi”. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning 14 dekabrida Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida shu so‘zlarni aytganida barchamizning ko‘nglimiz ravshan tortgan edi.
She’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy:
“El poyasin anglay desang asrorini bil,
Ko‘nglidagi muddaosin izhorini bil” deb aytganidek, Davlatimiz rahbari ham ishni ko‘ngildan, xalq ko‘nglini taftish qilishdan boshladi.
Ko‘ngil...
Ha, quloqqa oddiygina eshitiladigan bu so‘z zamiridan qalb, dil, yurak kabi tushunchalar o‘rin olgan. U bilan tillashish, uni eshita bilish, unga qo‘l solish naqadar muhim ish ekanligini tezda hamma anglay boshladi.
Xo‘sh, davlat rahbari xalq ko‘ngliga yo‘l topishni nimadan boshladi? Albatta, yuzma yuz muloqotdan. Uyma-uy, xonadonma xonadon kirishdan. Bemorlarning xol-ahvolini so‘rab borishdan. Ta’ziyali xonadonlarga kirib, ko‘ngil so‘rashdan. Odamlarni qiynayotgan muammolarni aniqlab, zudlik bilan hal etishdan...
Yurtdoshlarimiz murojaatlariga – o‘z fikr-mulohazalari, o‘ylari, dard-tashvishlari, orzu-armonlariga Prezident darajasida e’tibor qaratilayotganligi har bir inson uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu zaminda tug‘ilib o‘sgan, shu vatanni vatan deb, shu yurtni yurtim deb yashayotgan ayrim yurtdoshlarimizning bir qismi necha yillar qalbida og‘ir bir dard bilan yashadi. Bu dard “fuqarosizlik” dardi edi. Davlatimiz rahbari ularning ham qalbiga yo‘l, dardiga malham topdi. bugungi kunda O‘zbekistondek jannatmakon yurtning fuqarosi degan sharafli nomga muyassar bo‘lish dardi bilan ezilib yotgan yuraklarni dard emas, muhabbat, Vatanga muhabbat, uning adolatparvar rahbariga bo‘lgan muhabbat egalladi.
Darhaqiqat, odamlarning hayotga, davlatga, jamiyatga, kelajakka ishonchi nafaqat mustahkamlanmoqda, ortib bormoqda. Bularning barchasi, avvalo, muammolarga tik qarab, ularni bir chetdan hal qilishga kirishilganidan, vatanparvarlikdan, xalqchillikdan, shijoat va jasoratdan dalolatdir.
Ochig‘ini aytish kerak, inson keksaygan sayin izzattalab, mehrtalab bo‘lib qoladi. Mana shunday keksa insonlarni qadrlash, yo‘qlash, ularning holidan xabar olib turishga, kechagi mehnatkash – bugungi nuroniy-faxriylar hurmatini joyiga qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlar, “Mehnat faxriysi”, “Mahalla iftixori” kabi ko‘krak nishonlarining ta’sis etilishi hech kim e’tibordan qolmasligini ko‘rsatmoqda.
Shu kunlarda, madaniyat va san’at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlarni mukofotlash haqidagi farmon ko‘pchilikning dilini yayratdi. Bir paytlar vatan uchun, xalq uchun fidokorona mehnat qilib, kecha yordamga muhtojligi haqida kimga murojaat qilishini bilmay o‘tirgan urush qatnashchilari, mehnat faxriylari izzat-ikrom topa boshladi. Bu kabi sa’y-harakatlar yurtimizda inson qadri balandligidan dalolatdir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan olg‘a surilgan muhim ijtimoiy-ma’naviy tashabbuslar: “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor” dasturlari, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” kabi ijtimoiy himoya vositalari aholini farovonlikka yetaklovchi kuch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Iqtisodiyotning tamal toshini qo‘yadigan ilm ahli – akademiklar, professor-o‘qituvchilarga alohida e’tibor qaratilmoqda, ular e’zozlanmoqda, zahmatli mehnatlari munosib qadrlanmoqda. Xullas, hech kim e’tibordan, mehrdan chetda qolgan emas.
Xorijiy kuzatuvchilar Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi siyosati nafaqat O‘zbekistonga, balki butun Markaziy Osiyoga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda. Ha, mazmun-mohiyati va amaliy natijalariga ko‘ra yillar-yillarga ulanib bormoqda. Qatrada quyosh aks etadi deganlaridek, Yangi O‘zbekiston sharoitida hayotimizda yuz bergan ulkan o‘zgarishlar baland-baland cho‘qqilarni zabt etmoqda. Bu shiddat aslo so‘nmaydi.
Ana shunday tezkor va shiddatli zamonga hamnafas istiqlolimiz ham har yili bir yoshga ulg‘aymoqda. Bu ulg‘ayish tinch-totuv hayotimiz, farovon turmushimiz, buyuk kelajagimiz, turmush tarzimizga, xonadonlarimizga kirib kelayotgan ro‘shnolik, to‘kin rizq-nasiba, dunyoqarashimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan hamohang. Eng avvalo, qaddi bastimizning, g‘urur va sha’nimizning tiklanganini ko‘ramiz, jahon hamjamiyati safida munosib o‘rin egallashimizdan haqli ravishda iftixor tuyamiz.
Ochig‘ini aytsam, davlatimiz rahbarining g‘ayrat-shajoati, hazrat Alisher Navoiyning
Odami ersang demagil odamiy,
Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami, degan hikmatlarini yodimga solaveradi:
Ha, xalqning g‘amini yeb, tashvishlarini yengillashtirish uchun davlatimiz rahbari “Biz katta marra oldik. Xalqimiz oldida ulkan mas’uliyat bu. Odamlar katta ishonch bildiryapti. Buni oqlash uchun halol-pok, sadoqat bilan mehnat qilishimiz kerak”, deb yelib-yugurmoqda...
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz o‘z sa’y-harakatlari bilan qisqa muddat ichida xalqning qalbiga yo‘l soldi. Va bu yo‘l oddiy yo‘l emas, mehr rishtalari bilan bog‘langan ko‘ngil yo‘lidir. Ko‘ngil obod bo‘lsa, yurt ham obod bo‘ladi.
Abdukamol RAXMONOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi