Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi
Andijonda Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga bugungi kunga qadar 3 ming 391 ta murojaat kelib tushgan.
Andijonda Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga bugungi kunga qadar 3 ming 391 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlar asosida Markaz tomonidan 1 ming 800 dan ortiq oilaga oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar yetkazib berildi.
- Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tomonidan ayni kunga qadar 1 ming 831 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar yetkazib berildi, — deydi markazda faoliyat yuritayotgan volontyor Mansurbek Matisayev. – Xayriya yordamlarining markazlashgan holda karantin tartiblariga toʻla amal qilgan holda tarqatilayotganligi albatta, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, xalqimiz salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Markazga murojaat qilganlar orasida viloyatning deyarli barcha tuman va shaharlaridan fuqarolar bor. Murojaat qilgan ehtiyojmand oilalarga un, oʻsimlik yogʻi, kartoshka, piyoz, sabzi hamda sovundan iborat mahsulotlar, shuningdek, zarur dori-darmonlar tarqatilmoqda.
Viloyatdagi koʻplab korxona, tashkilotlar hamda tadbirkorlar tomonidan Markazga taqdim etilayotgan xayriya mahsulotlarini yetkazib berish ishlari maxsus himoya vositalari bilan taʼminlangan mutaxassislar tomonidan infeksiya yuqishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar qoʻllangan holda amalga oshirilmoqda.
- Turmush oʻrtogʻim xorijga ishlagani ketgan, sogʻligim yaxshi emasligi uchun muntazam davolanib turaman, — deydi Oltinkoʻl tumanidagi Boʻston mahallasida yashovchi uy bekasi Margʻubaxon Rahimova. — Karantin tufayli yosh farzandim bilan ancha qiynalib qoldim. – Shu sabab qisqa raqamli telefon orqali Markazga murojaat qilib, oziq-ovqatdan yordam soʻragan edim. Markazda faoliyat yuritayotganlarga, mahalla mutasaddilariga rahmat, murojaatimdan soʻng uyimizga oziq-ovqat mahsulotlari olib kelib berishdi. Qiyin bir sharoitda biz kabi ehtiyojmand oilalarga koʻmak berilayotganligidan juda-juda xursandman. Mehr-oqibatli xalqimiz bu ogʻir kunlardan albatta, eson-omon oʻtadi.
Viloyatda homiylik yordamlarini tarqatish ishlari belgilangan tartiblar doirasida davom etmoqda.