Hech bir bola g‘amxo‘rlikdan chetda qolmaydi
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda 26 ming 532 bola turli shakldagi internat muassasalarida istiqomat qilgan. Ularning aksariyati nogironligi bo‘lgan bolalardir.
Internat muassasalarida yashovchi bolalar soni har 100 ming bolaga 255 tani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich mintaqaviy o‘rtacha ko‘rsatkichdan past, lekin har 100 ming bolaga 120 bola to‘g‘ri keladigan global ko‘rsatkichdan yuqori.

Oliy Majlis Senati tomonidan UNICEF tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan davra suhbatida yuqorida qayd etilgan ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoki mahrum bo‘lish xavfi ostida bo‘lgan bolalarning hozirgi holati, mamlakatimizda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish tizimini isloh qilish borasidagi kelgusi rejalar muhokama qilindi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Milliy gvardiya mas’ullari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari deinstitutalizatsiya bo‘yicha oldinga qadam tashlash yo‘llari, jumladan, muvofiqlashtirishni kuchaytirish, huquqiy me’yoriy bazani mustahkamlash, tegishli mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda zaif bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun hamjamiyatga asoslangan xizmatlarni tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
— O‘zbekistonda deinstitutalizatsiya bo‘yicha qat’iy siyosatni shakllantirish borasida muvaffaqiyatga erishildi va bu boradagi chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish bo‘yicha juda muhim qadamlar qo‘ymoqdamiz, —deydi Senatning Yoshlar ishlari, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedova.
— Hech kimni chetda qoldirmaslik bo‘yicha maqsadimizga erishish uchun bolalarni o‘z oilasi va hamjamiyatida qolishiga qaratilgan xizmatlarni yanada kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.
Yig‘ilishda UNICEF tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xon hukumatni O‘zbekistonda bolalarni deinstitutalizatsiyalash borasida olgan qat’iy majburiyati uchun qutlashini bildirdi.
Davomiy islohotlar jarayonining samarali bo‘lishi uchun bolalar, jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni qamrab oladigan yirik muassasalarni tizimli va bosqichma-bosqich yopishni davom ettirish juda muhim ekanligini qayd etdi.
Shuningdek, tadbirda mutaxassislar ijtimoiy yetimlikning oldini olish, fostr oilalar bilan ishlash, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan bolalarni farzandlikka oluvchi ota-onalarning ijtimoiy holatini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham fikr almashdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA