Tramp: Ukrainaga yangi prezident kerak (+video)
Rossiya 60 kun davomida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, Ukraina prezidentlik saylovini o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Vladimir Zelenskiy AQSHning ABC telekanali efirida ma’lum qildi.
«Iltimos, Putinga yetkazing: bizga ikki oy, ya’ni 60 kun davomida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish imkonini bersin. 60 kun bo‘lsa, biz saylovni tashkil qilamiz», — degan Zelenskiy.
Shuningdek, u «Prezident Trampni qanchalik hurmat qilmasin», rahbarni tanlash huquqi aynan Ukraina fuqarolariga tegishli ekanini ta’kidladi.
Dastur boshlovchisi AQSH yetakchisi va amerikalik milliarder Ilon Mask nega Zelenskiyni urushni davom ettirishda ayblayotgani haqida so‘radi. Javob shunday bo‘ldi:
– Vashington Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni to‘xtatish yo‘lini topa olmayapti, chunki bu ish boshqalarga bosim o‘tkazishdan ko‘ra qiyinroq. Narx haqida gapirish va holatni Kiyev bilan bog‘lash esa osonroq.
Bu bayonot Tramp Ukraina kelishuvga erisha oladigan yangi prezident topishi kerakligini aytgandan bir kun o‘tib yangradi.
«Zelenskiy ko‘plab kelishuvlarga erishishi mumkin edi, ammo qandaydir sabablarga ko‘ra bunday qilmadi», — dedi AQSH rahbari.
Shuningdek, Tramp Zelenskiy AQSHning Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga hujumni to‘xtatish haqidagi talabini e’tiborsiz qoldirganini ham ta’kidladi. Uning fikricha, bunday hujum «jahon miqyosida muammo» keltirib chiqarmoqda.
Ukraina Prezidenti esa bugunning o‘zida energetika ob’ektlariga hujum to‘xtatilishi mumkinligi, ammo Putin buni istamayotganini aytar ekan, agar Rossiya bizning energetika infratuzilmamizga hujum qilishni to‘xtatsa, Ukraina ham Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishni to‘xtatishga tayyor», — dedi.
Ta’kidlanishicha, keskinlikni yumshatishga qaratilgan har qanday qadam ikki tomonlama bo‘lishi va aniq kafolat bilan mustahkamlanishi kerak.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov (video), O‘zA