Hayotini temir panjara ortida o‘tkazayotgan ayol
Sud ocherki
Ayol zotini jamiyatimiz gultoji, xonadonlar farishtasi sifatida ta’riflashadi. Zero, ayol borki, oila, kelajak bor. Ayol borki, turmush ham obod, hayot ham farovon.
Dunyoda eng go‘zal, eng nafosatli ta’riflar gulday nazokatli xotin-qizlarga bag‘ishlangan. Ming afsuski, hayotda ana shunday go‘zal ta’rifu tavsifga arzimaydigan ayollar ham uchrab turadi. Bunday kimsalar qaltis qadamlari bilan gulday umrini xazonga aylantirayotgani achinarlidir.
Endigina 27 yoshga to‘lgan surxondaryolik Rahima Pardayeva ham ayol zotiga isnod keltirayotganlar xilidan bo‘lib chiqdi. Shu yoshga kirguncha 5 marta sudning “qora kursi”siga o‘tirdi. Yaqinda esa oltinchi marta yuzi shuvut bo‘lib, sud zalida yana tegishli jazoni oldi.
Turmushidan ajrashgan Rahimaning birinchi nopok ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Boysun tumani sudida ko‘rilib, qilmishiga yarasha jazo tayinlangan. Jazo muddatini bir amallab o‘tab qaytgach, undan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan Rahima Boysunga qaytib, yana firibgarligini boshlagan. Qo‘lga tushgan. Bu safar ham tegishli jazoni o‘tab qaytgach, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Termiz shahridagi xonadonlardan birida o‘g‘irlik sodir etgan. Bu qilmishi uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining “qora kursi”sida javob bergan. Jazoni o‘tab qaytgach, Sho‘rchi shahrida o‘g‘irlagan narsalarini orqalab ketayotganida qo‘lga olinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudi tomonidan qamoq jazosi tayinlangan.
Jazodan qutilib chiqqach, u Jarqo‘rg‘on tomonlarda qing‘ir ish bilan qo‘lga tushdi. Yana jazo. Chiqib kelgach, bu safar sayohatini Angordan boshladi. Angor tumanidagi “tijorat bozori” yonida ancha vaqt keldi-ketdini obdon kuzatdi. Shu yerda Noila degan qizchaning oldiga borib: “Men onangning dugonasiman, kechga to‘yga bormoqchi edim, qulog‘ingdagi sirg‘angni berib tur, senga loyiq chiroyli ko‘ylak tikib qo‘yibman. Kechqurun onang bilan kelgin, olib ketasan. Huv anavi hovli bizniki”, deb qo‘ydi. Qizi tushmagur ham laqqa ishonib, qulog‘idagi bir juft tilla sirg‘asini yechib berdi. U oldi-yu, juftakni rostladi. Noila onasiga dugonangiz to‘yga taqib borish uchun sirg‘amni olib ketdi, deganida onasi otini so‘ramadingmi, qaysi dugonam ekan, deb turganida Rahima shu bozorning narigi chetiga o‘tib, Shoira degan qizning bilagidan ushlab: “Men onangning tanishiman, bugun qizimning tug‘ilgan kuni, shunga sirg‘angni berib tur, kechqurun onang ham keladi, berib yuboraman”, deb Shoiraning ham qulog‘idagi tilla sirg‘ani yechib olib ketdi. U yana shu bozorning kunbotar tomoniga bora turib Feruza degan qizni to‘xtatib: “Men onangning tanishiman, bugun qizimning tug‘ilgan kuni, sirg‘angni berib tur. Kechga onang bilan biznikiga kelib olib ketasan”, deb uning ham tilla sirg‘asini “qo‘lga” tushirdi. U shu ketganicha, qaydasan Termiz, deb uyiga yetib oldi. Bir kecha yotib, yana “ov”ga chiqdi. Bu safar to‘g‘ri Sho‘rchiga kelib, u tomon-bu tomonga yurib, atrofga ko‘zini o‘rgatdi.
Shu payt shundoq kattagina maktabning oldiga borib qolibdi. Yaxshigina sinchiklab shu yerda o‘qiydigan qizlarni kuzata boshladi va Jarqin degan qizning qo‘lidan tutib, “men sening yangi raqs o‘qituvchingman, qulog‘ingdagi sirg‘angni menga ber. Senga yangi raqs ko‘ylagi bilan har xil taqinchoqlar olib beraman”, deb tilla sirg‘asini yechib olib ketadi. Rahima navbatdagi o‘ljasini poylab, maktabdan ko‘chaga chiqqan Zaynab degan qizchaning qo‘lidan ushlab: “Meni tanidingmi, yangi raqs ustozingman, senga raqs ko‘ylagi, taqinchoqlar olish kerak, qulog‘ingdagi sirg‘ani ber, shuni sotib olib kelaman”, deb avray boshlaydi. Zaynab “Yo‘q, ishonmayman, sizday o‘qituvchi maktabimizda yo‘q”, deganida Rahima panja orasidagi olmosni ko‘rsatib, “g‘ing” desang qulog‘ingni kesib tashlayman, deb qo‘rqitib, tilla sirg‘asini yechib olib ketadi. Zaynab qo‘rqqanidan uylari tomon yugurib ketadi. Uni ko‘rgan talonchi o‘g‘ri maktabning narigi eshigi oldida yurgan Sojidani ushlab, agar “dod” desang qulog‘ingni kesib olaman, deb qo‘lidagi olmosni ko‘rsatib, qo‘rqitadi-da, uning ham bir juft tilla sirg‘asini yechib olib, tezda g‘oyib bo‘ladi. Tilla sirg‘asidan maxrum bo‘lgan qizlar uylariga chopganicha, ota-onasiga borib aytadi. Ular maktabga keladi. Bo‘lgan voqeani aytib, shu yerdagi bozorga o‘tib, tilla sotuvchilardan firibgar ayolni so‘rab-surishtirib yurganida Rahima chorrahaning narigi betiga o‘tib, Sherobodga ketayotgan yo‘lovchi mashinaga chiqib jo‘navorgan edi.
Rahima Sheroboddan ham quruq qaytmadi. Malika degan qizni odatdagi gaplari bilan ishontirib, qulog‘idagi sirg‘ani yechib olib ketdi. Angorga kelayotib, “Dehqon bozori” yonida tushib qoldi. Bozor oldidan o‘tib ketayotgan Farida degan qizni to‘xtatib: “Onang meni tanishim, onang biznikiga boradi, berib yuboraman”, deb uning soddaligidan foydalanib, sirg‘asini yechib oladi.
Ustasi farang ayol navbatdagi “ovi”ni yana gavjum Sho‘rchi shahridan boshlash niyatida bozor oldiga keldi-da, “qarmog‘iga xo‘rak tashlagan” zahoti qarmoq aylanib o‘ziga qadaldi. Fuqaro kiyimidagi kishilar qo‘lga olib, biz bilan yuring, deya ichki ishlar idorasiga olib bordi. Jabrlanuvchilar ichki ishlar idorasida yuzlashtirilganda Rahima Pardayevani tanib, ko‘rsatishdi. Shu yerda firibgar ayolning qilmishlariga nuqta qo‘yildi. Sud uni uzoq muddatga “dam” olish uchun jo‘natdi.
Ha, o‘ylamay bosilgan qaltis qadam ayol, ona degan ulug‘ nomga dog‘ tushirdi. Kelajagiga ayanchli tamg‘a bosdi. Endilikda Rahima Pardayeva temir panjara ortida emin-erkin hayotni orzu qilib o‘tiribdi. Afsus...
Nilufar To‘rayeva,
Surxondaryo viloyat sudining jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti