Hayotimiz yanada farovon bo‘ladi
Shu kunlarda Prezidentimizning Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasini xalqimiz katta umid va kelajakka zo‘r ishonch bilan kutmoqda.
Shu kunlarda Prezidentimizning Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasini xalqimiz katta umid va kelajakka zo‘r ishonch bilan kutmoqda. Quyida ta’lim sohasi vakillarining bu haqdagi fikrlari bilan tanishasiz.
Azizbek Egamberdiev, o‘qituvchi:
– Davlatimiz rahbarining o‘tgan yilgi Murojaatnomasida qo‘yilgan vazifalar, muhim masalalar amaliyotga tatbiq etilgani guvohi bo‘lib, hayotimizda o‘z aksini topayotganini his etdik. O‘zimdan har kuni so‘rayman: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bu yilgi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan nimalarni kutayapman?
Mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozongan deputatlarning saylovchilar oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish zarur. Chunki, har bir saylovchi deputatlardan saylovoldi va’dalari bajarilishini kutmoqda. Yangi saylovlar natijasi yangi O‘zbekiston shukuhiga monand – oliy va mahalliy vakillik organlari ish faoliyatida keskin o‘zgarish bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Iqtisodiyot drayveri bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari faoliyatini har tomonlama rivojlantirish ham g‘oyat dolzarb vazifa. Islohotlarimizning mantiqiy davomi sifatida oliy ta’lim muassasalari moliyaviy mustaqilligini to‘la ta’minlash, xususiy oliy ta’lim, ilmiy tadqiqot ishlari tizimida keskin va tub o‘zgarishlar amalga oshirilishi ham yaxshi samara berishiga ishonamiz. Bu taraqqiyot uchun keng va ishonchli yo‘ldir.
Gulira’no Erolova, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘qituvchisi:
– Yurtimizda so‘nggi yillarda psixologiya sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash hamda amaliyotchi psixologlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid amaliy ishlar qilindi. Olib borilayotgan ishlar ko‘lami kengligi biz, soha mutaxassislarini quvontiradi, albatta.
Psixologlar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni amalga oshiradigan yagona tuzilmaning mavjud emasligi bor gap. Men ham pedagog, ham amaliyotchi psixolog sifatida ta’lim tizimining barcha bosqichlarida yoshlarning psixologik holati, jarayonlarini hisobga olib, kadrlar imkoniyatlaridan to‘la foydalanilmayapti, deb o‘ylayman.
Ixtisoslashgan psixolog kadrlar hamda tashkilotlar mavjud, ammo ularning psixologik faoliyatida samaradorlik pastligi saqlanib turibdi.
Bugungi tezkor davrda jamiyatda ijtimoiy-psixologik, jumladan, oilaviy muammolar, ajrashishlar, nizolar, ota-ona va farzand munosabatlari, qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, erta tug‘ruq, illatlar, turli diniy oqimlarning salbiy ta’sirlariga tobelik, o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib borayotganini ko‘rish mumkin. Bu aholiga psixologik xizmat ko‘rsatish yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani oqibatidir.
Darsdan bo‘sh vaqtlarimda markazlarda ayollar, bolalar, oilalar bilan ishlayman. Umumta’lim maktablarida psixolog shtati bor. Bu mutaxassislar qanday ishlayotganini bilmadimu, lekin faoliyatim davomida murojaat qilayotgan maktab o‘quvchilarida jiddiy o‘zgarishlarni kuzatayapman. Hatto rahbar kadrlar faoliyatida bu soha mutaxassislarining o‘rni muhim. Me’yoriy o‘sish inson ruhiyati bilan bog‘liq. Jamiyatda kim bo‘lishidan qat’i nazar psixologik ko‘makka bir marta bo‘lsin, ehtiyoj bo‘ladi.
Amaliyotchi psixologlar bilan ta’lim muassasalari, mahalla, huquq-tartibot idoralari xodimlari, hokimliklar hamkorlikda muntazam treninglar tashkil qilishi kerakligi qonun hujjatlarida belgilanishi kerak. Ayni yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan soha mutaxassislari uchun imtiyoz va imkoniyatlar berilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Aholiga, ayniqsa, yoshlarga sifatli psixologik xizmat ko‘rsatish, psixologik markazlarning har birida ana shunday kurslarni tashkil etish tarafdoriman.
Sharofiddin Hoshimjonov, Andijon davlat universiteti matbuot kotibi:
– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda olib borilayotgan izchil islohotlar jarayonining uzviy davomi sifatida davlat boshqaruv tizimini liberallashtirish va modernizatsiya qilishni davom ettirish muhim masala. Bu jarayonda sud hokimiyati mustaqilligini yanada oshirish, mahalliy hokimliklar vakolatlarini mahalliy vakillik organlariga bosqichma-bosqich o‘tkazishi, viloyat, tuman, shahar hokimlarining mahalliy vakillik organlariga raislik qilish amaliyotidan voz kechish lozim.
Shuningdek, korrupsiogen holatlarni keltirib chiqaruvchi tizimli va institutsional sabablarni bartaraf qilish, iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, monopoliyaga qarshi kurash tizimini yangicha asosda tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalarni bajarish vaqti keldi. Jamoatchilik nazoratini, davlat organlari faoliyati ochiqligini, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash sohasida ham muhim o‘zgarishlar bo‘lishi kerak.