Hayot davom etar ekan, ehtiyojlar toʻxtamaydi
Koronavirus pandemiyasi sabab karantin bilan bogʻliq oʻrnatilgan ayrim cheklov va tartiblar aholining odatiy turmush tarziga qaysidir jihatdan taʼsir oʻtkazishi tabiiy, albatta.
Koronavirus pandemiyasi sabab karantin bilan bogʻliq oʻrnatilgan ayrim cheklov va tartiblar aholining odatiy turmush tarziga qaysidir jihatdan taʼsir oʻtkazishi tabiiy, albatta.
Lekin hayot davom etar ekan, odamlarning ehtiyoji, shu jumladan, davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyoji toʻxtamaydi. Bugungi sinovli kunlarda esa mazkur ehtiyojlarni qanoatlantirish tizim xodimlaridan alohida masʼuliyat talab etadi.
Muammosiga yechim izlab kelgan fuqaro davlat va jamiyatga boʻlgan ishonchni oʻz murojaatiga boʻlgan munosabatida koʻradi. Biror idora yoki tashkilot eshigini umid bilan taqillatib, muammosiga yechim izlaydi. Modomiki shunday ekan, ayniqsa bugungi karantin sharoitida har bir davlat xizmatchisi fuqarolarning murojaatlari, uning ortida esa inson taqdiri va manfaatlari turganligiga alohida eʼtibor qaratishi zarur.
Maʼlumki, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat barpo etish hamda adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda murojaatlar bilan ishlash, bu boradagi qonun hujjatlariga qatʼiy rioya etish, uni takomillashtirish esa eng ustuvor vazifalardan biridir. Fuqarolarning murojaat qilish huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida mustahkamlab qoʻyilgan. Unga koʻra, har bir shaxs bevosita oʻzi yoki jamoa tarzida davlat organlariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egadir.
Davlat xizmatlari agentligi tizimida murojaatlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonun talablaridan kelib chiqqan holda toʻliq, oʻz vaqtida va xolisona oʻrganib chiqilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda albatta, xalqni rozi qilishga ustuvor vazifa sifatida qaraladi.
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasida ham ushbu vazifaga alohida eʼtibor bilan yondashilmoqda. Raqamlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, joriy yilning birinchi choragida boshqarmaga 600 dan ortiq, shu jumladan 250 ga yaqini virtual qabulxona orqali, 370 dan ortigʻi esa bevosita jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan.
– Murojaatlarning 515 tasi koʻrib chiqilib, 237 tasi qanoatlantirilgan va 252 ta murojaat mualliflariga huquqiy tushuntirish berilgan, – deydi boshqarma bosh maslahatchisi U.Berdiyev. – 15 tasi tegishliligi boʻyicha koʻrib chiqish uchun boshqa tashkilotlarga yuborilgan. 7 tasi koʻrmasdan qoldirilgan boʻlsa, 4 tasi rad etilgan. 102 tasi esa oʻrganish jarayonida qolgan. Koʻrib chiqilgan murojaatlar xususiyatiga koʻra tahlil qilinganda, 97 foizdan ortiqrogʻi davlat xizmatlari koʻrsatish sohasiga oid, 3 foizga yaqini esa sohaga taalluqli boʻlmagan murojaatlarni tashkil etadi.
Boshqarmaga Oʻrta Chirchiq tumani Yuqoriovul mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro A.T joriy yilning yanvar oyida turmush oʻrtogʻining fuqarolik pasporti, nabirasining esa tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi yoʻqligi sababli turar-joyiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtira olmayotganini bildirib, shu masalani hal etishda amaliy yordam berishni soʻragan. Bir tomondan qaraganda bu murojaat boshqarmaga mutlaqo taalluqli emasdek koʻrinadi. Shunday boʻlsada, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan xizmatlar koʻrsatishi ustidan nazorat qilish hamda FHDYO organlari faoliyatida huquqni qoʻllash amaliyotini muvofiqlashtirish va metodik taʼminlash bevosita boshqarma zimmasiga yuklatilganligi sababli dastlab murojaat muallifining nabirasiga tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma olinishida amaliy yordam berildi. Shundan soʻng pasport va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bogʻliq masalalar ham oʻz yechimini topdi.
Ayrim murojaatlarni ijobiy hal etish uchun esa qatʼiy taʼsir choralar qoʻllashga toʻgʻri keladi. Xususan, Olmaliq shahrining Kimyogar mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro M.M gaz hisoblagichini yechib olish haqida bergan arizasini koʻrib chiqishda amaliy yordam berishni soʻrab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga “Ishonch telefoni” orqali qilgan murojaat qilgan. Oʻrganish davomida gaz taʼminoti idorasi tomonidan ushbu fuqaro va boshqalarning murojaatlarini koʻrib chiqish muddati buzilganligi aniqlangan hamda mazkur idoraning masʼul shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 2155-moddasiga asosan jarima jazosi qoʻllanildi. Shundan soʻng uning arizasi qanoatlantirilib, hisoblagich yechib olingan.
Huddi shunday murojaatlardan yana biri Zangiota tumanidagi Quyoshli mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro D.Ye dan kelgan. Gaz hisoblagichini almashtirish haqidagi arizasi koʻrib chiqilmayotganligidan norozi boʻlib yozgan shikoyatini oʻrganish natijasida aniqlangan qonun buzilishlarini sodir etilishiga yoʻl qoʻygan tuman majburiy ijro byurosi xodimiga nisbatan yuqorida qayd etilgan tartibda maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanildi. Shundan soʻng fuqaroning gaz hisoblagichi almashtirib berildi.
Bundan tashqari, Zangiota tumani “Xonobod tepa” mahalla fuqarolar yigʻini Xonobod tepa 3-tor koʻchasida yashovchi fuqaro Z.A ning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga “Veb-sayt” orqali qilgan murojaati ham hal etildi. Unda koʻchmas mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda amalga oshirilgan toʻlov tizimda koʻrinmaganligi sababli ushbu masalada amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan. Taʼkidlash kerakki, muallifning ushbu masalada mutasaddi idoralarga yoʻllagan koʻplab murojaatlari oʻz yechimini topmagan.
Oʻrganish davomida 2019-yil 19 dekabar kuni Qibray tumani davlat xizmatlari orqali Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi nomidan koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yuzasidan qilingan murojaati elektron tartibda vakolatli organ — Toshkent viloyati Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi Qibray tumani filialiga yuborilganligi aniqlandi.
Murojaatni koʻrib chiqish jarayonida tashkilot tomonidan shakllangan invoys raqamiga “Munis” tizimi orqali emas, pul koʻchirish yoʻli bilan toʻlov amalga oshirilganligi sababli kadastr hisob raqamiga mablagʻ kelib tushmaganligi maʼlum boʻldi.
Boshqarma tomonidan mazkur murojaat nazoratga olinib, viloyat kadastr boshqarmasi hamda Respublika kadastr qoʻmitasining masʼul xodimlari orqali tashkilot tomonidan amalga oshirilgan toʻlov mazkur idoraning hisob raqamiga biriktirib berildi.
Bir soʻz bilan aytganda, bugungi sinovli kunlarda xalq bilan hamnafas boʻlib yashash, ularga amaliy yordam koʻrsatish borasida olib borilayotgan islohotlar yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammo va kamchiliklarga barham bermoqda. Muammolarga oʻz vaqtida yechim topilayotgani esa hududlar obodonchiligi va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi, albatta.