HAYIT ESDALIKLARI: bobom bilan o‘tgan bayramlar...
Har gal Hayit bayrami yaqinlashaversa bolaligim yodimga tushadi...
Har gal Hayit bayrami yaqinlashaversa bolaligim yodimga tushadi...
Bobom erta tongdan o‘g‘illarini yoniga olib Hayit namozini o‘qish uchun masjidga ketar edi. Biz bobomning namozdan kelishini intiqlik bilan kutardik. Chunki qaytishda ko‘p shirinliklar, kunjutli, pistali holvalar olib kelar edida. So‘ng bobomdan «Hayit xarj» so‘rardik. Bobom nevara-chevaralari qurshovida “Hayit xarj" ulashar, ba’zan adashib, yana takror tarqatar edi. (Menimcha, bilsa ham bolalar xursand bo‘lsin, deb yana o‘zini unutganga solib takror bergan bo‘lsa kerak.)
O‘shanda bolalarning xursandchiligini ko‘rib buvimga «Bolalar jannatning gulu rayhonlari, farishtasi. Hayit kuni dinimizda ruxsat etilgan, ko‘ngilni ko‘taradigan barcha ishlarni qilish bilan qalbga orom berish kerak. Ayniqsa, shu shirintoylarni xursand qilish, ko‘ngil olish katta savob» derdi. Yana «nabiylar va chevaralarim yil davomida Hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, bu bayramning buyukligini his qilsin» deb aytardi. Bobomning bu amallari barchamizning ongimizda milliy-diniy qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom tuyg‘usi shakllanishida katta mayoq bo‘ldi.
Bobomning aytishicha, Hayit bayrami kunlari ko‘ngillarimiz ravshan, kayfiyatlarimiz chog‘, nigohlarimiz muqaddas Ka’baga qaragan bo‘lishi kerak ekan.
Bobom Hayit namozini ado etganidan so‘ng qurbonlik amalini bajarishga kirishar edi. O‘sha vaqtlar bobom barcha qarindoshlarimizni yig‘ib Qurbon hayitiga bag‘ishlab jonliq so‘yib, undan tansiq taom tayyorlab diydorlashuv bayramini o‘tkazar edi.
Ba’zi sabablarga ko‘ra kela olmagan qarindosh-urug‘larni borib ko‘rib kelar, yoru birodarlarni ziyorat qilishga ham ulgurar edi. Beva-bechoralarga ehson tarqatardi.
Yana bir qiziq odati bor edi. Amakim, yangalarim o‘zaro tortishib, bir-birlari bilan gaplashmay, arazlashib yurganini bilsalar, barchaning oldida chaqirib, yarashtirib qo‘yar edi. Hamon esimda, amakim bilan otam arzimagan sabab bilan gap talashib qolib, bir muddat gaplashmay yurgan edi. Bundan xabar topgan bobom bayram kuni barchaning oldiga amakim va otamni chaqirib “shunday muborak ulug‘ kunlarda gina-qudrat qilayapsanlarmi? Qani, yonimga kel! Quchoqlaringni och. Bir-biringni mahkam quchoqla" dedi. Agar odam qancha bir- birini quchoqlasa, yuragini-yuragiga yaqin tutsa, bir-biriga nisbatan shuncha mehr-oqibati ortaverar ekan! Otam bilan amakimni quchoqlashtirib, yarashtirib qo‘ydi. «Bolalarim, juma va Hayit kunlari butun diyorimizni ilohiy bir fayz qamrab oladi mana shunday damlarda barcha ezgu niyatlar ijobat bo‘ladi. Bu kunda nafrat, ginalar unutilishi kerak»deya otalik pand-nasihatini qildi. O‘shandan buyon otam bilan amakimning arazlashganini hech ko‘rmadim.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA