Havo hujumidan mudofaa va harbiy aviatsiya tizimini transformatsiya qilish choralari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev mudofaa sohasidagi ayrim masalalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni rahbarligida mamlakatimiz mudofaa tizimi rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Xususan, havo sarhadlarimizni mustahkamlash, chegaralar daxlsizligini ishonchli himoya qilish maqsadida Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari izchil isloh qilinmoqda.
Islohotlar natijasida qo‘shinlar zamonaviy aviatsiya texnikalari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ta’minlanmoqda. Amaliy parvoz mashg‘ulotlari ko‘lami bir necha barobar oshirilib, aviatsiya bo‘linmalarining jangovar shayligi mustahkamlanmoqda.
Taqdimotda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, vatanparvar va professional milliy kadrlarni tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Qarshi shahrida joylashgan Harbiy aviatsiya institutining o‘quv-moddiy bazasi xalqaro ta’lim standartlari asosida jihozlangan edi.
Institutda zamonaviy o‘quv trenajyorlari, modellashtirish va simulyatsiya vositalari joriy etilgan. Nazariya va amaliyot uyg‘unligida tashkil etilayotgan mashg‘ulotlar kursantlarga aviatsiya sohasini chuqur o‘zlashtirish imkonini bermoqda. “Ustoz-shogird” an’anasi asosida kursantlar “Xonobod” aerodromida tajribali mutaxassislar ko‘magida amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda.
Taqdimotda havo sarhadlarini himoya qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, aviatsiya bo‘linmalarini zamon talablariga mos ravishda qayta tashkil qilish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Bu ishlar Harbiy havo kuchlarining jangovar qobiliyati va amaliy imkoniyatlarini yanada oshirishga, qo‘shinlarning tezkorligi, harakatchanligi va zamonaviy tahdidlarga javob berish salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Prezidentimizning joriy yil yanvar oyida Turkiyaga tashrifi davomida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida harbiy tibbiyot sohasida ta’lim va hamkorlik bitimi imzolangan edi.
Taqdimotda ushbu bitim doirasida amalga oshirilishi taklif etilayotgan choralar haqida axborot berildi. Mutaxassislarni davolash ishi, stomatologiya, farmatsevtika, profilaktika, tibbiy kasb-hunar va hamshiralik oliy ta’limi yo‘nalishlarida, magistratura va aspiranturada o‘qitish, harbiy shifokorlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, tibbiyotning ilmiy yo‘nalishlarida hamkorlik qilish, seminar, kongress va simpoziumlar o‘tkazish, o‘qituvchi, maslahatchi, ilmiy xodim va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma mashg‘ulotlar tashkil etish, bemorlarni birgalikda davolash hamda tibbiyot muassasalarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda mudofaa ishlari organlarida chaqiriluvchilarni qayd etish, tibbiy va chaqiruv komissiyalari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Mazkur jarayonlarning shaffofligi va tezkorligini oshirish, fuqarolar uchun qulaylik yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirish, harbiy xizmatchilarga Toshkent va Samarqand shaharlarida turar joy ijarasi uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdorini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Prezidentimiz qo‘shinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirish, harbiy boshqaruv va ta’lim tizimiga ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Mutasaddilarga harbiy ta’lim tizimidagi islohotlarni izchil davom ettirish, askarlarni kasbga o‘rgatish, ularni oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash va buning uchun munosib sharoitlar yaratish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.