Hasharda har bir mahalladan bittadan uy ta’mirlandi
Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan 22−23 avgust kunlari yurtimizda “Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki”shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari Samarqand viloyatidagi 1081 ta mahallada ham uyushqoqlik bilan tashkil etildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kun davomida mahallalardagi 29450 ta ko‘cha obodonlashtirildi, 1569 ta qabriston va 257 ta ziyoratgoh tartibga keltirildi, 1982 tonna maishiy chiqindi olib chiqildi.


– Hashar davomida xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik ko‘rsatilib, 6846 nafar boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs holidan xabar olindi, ularning uy-joylari tartibga keltirildi, – deydi boshqarma mas’ul xodimi Yusufjon Salimov. – Umuman, Mustaqillik bayrami oldidan viloyatimizdagi har bir mahalladan bittadan, jami 1081 ta kam ta’minlangan oilaning xonadoni mahallalar raislari boshchiligida homiylar va tashabbuskorlar tomonidan ta’mirlanayotgan edi, hashar kunlari bu ishlar yakuniga yetkazildi. Jumladan, Toyloq tumani Charog‘bon mahallasidagi kam ta’minlangan fuqaro M.Pardayevaning 4 xonali uyi ta’mirlangan bo‘lsa, Nurobod tumani Ulus mahallasida yashovchi, nogironligi bo‘lgan I.Butunovning xonadoniga “Mahalla” jamg‘armasi mablag‘i hisobidan 5 kVt.li quyosh paneli o‘rnatildi.


O‘tkazilgan hashar tadbirlari doirasida homiylar va tashabbuskorlar tomonidan 57,1 kilometr ichki yo‘llar asfalt qilindi, 312 kilometriga shag‘al yotqizildi. 8,8 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etildi. 187 ta transformator ta’mirlanib, 843 ta temir-beton ustun va 449 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri