Hashar yurtga obodlik shukuhini bag‘ishlamoqda
Milliy urf-odat va qadriyatlar, ezgu an’analar har bir xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida ifoda etadi. Shu ma’noda hashar necha ming yillar davomida odamlarimiz boshini qovushtirib, ular qalbiga insonparvarlik, saxovatpeshalik, saranjom-sarishtalik kabi ezgu fazilatlarni singdirib kelayotgan xalqimizga xos unutilmas qadriyatdir.
Hashar va u bilan bog‘liq ko‘plab xayrli tadbirlar zamirida mehr-oqibat, insonparvarlik, hamjihatlik, shukronalik, obodlik kabi ezgu g‘oyalar mujassamdir.
Bugun yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan hashar tadbirlari orqali ham mamlakatimizdagi shaharu qishloqlar, mahalla guzarlari, aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uylar atrofi go‘shasi obodonlashtirilib ariq va zovurlar tozalanmoqda. Ehtiyojmand, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlar holidan xabar olinmoqda.

Hozirga qadar 5 440 445 nafar yurtdoshlarimiz, jumladan, 3 125 049 nafar yoshlar hashar tadbirlarida faol ishtirok etishdi.
7 081 km ariq va zovurlar tozalanib, 4 918 ta qabriston, 321 ta ziyoratgohlar obodonlashtirildi.
2 244 149 ta manzarali, 2 123 078 ta mevali daraxt ko‘chatlari, 2 740 975 ta gul ko‘chatlari ekilib, 4 669 487 ta daraxt oqlandi, turli shakllar berildi.

«Mahalla» xayriya jamoat fondi bilan hamkorlikda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida 3452 ta oilalarning uy joylari ta’mirlab berildi, 6500 ta ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, «Mahallamga 30 tup daraxt mening tuhfam» shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda gul ko‘chatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekish hamda oqlash tadbirlari jadal olib borilmoqda.
Gulnora Ma’rufova, Mahalla va oilani
qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari