Harbiylarga zamonaviy xonadonlar topshirildi
Toshkent tumanida DXX chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda faoliyat yuritayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila-a’zolariga mo‘ljallangan ko‘p qavatli xizmat uylari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda tuman hokimi S.Ergashev, DXX chegara qo‘shinlari rahbariyati, Toshkent tumani yoshlar ittifoqi, hamkor tashkilotlar vakillari, faxriylar, tuman faollari, harbiy xizmatchilar va ularning oila-a’zolari va quruvchilar qatnashdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar Vatan tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilayotgan harbiylarning oilalariga qulaylik yaratish, farzandlari kamol topishi uchun qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Ko‘p qavatli uylarni bunyod etishda jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilarga minnatdorlik bildirildi. Faxriy mehmonlar va nuroniylar tomonidan xizmat uylari binosining ramziy lentalari kesilib, xizmat xonadonlarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.
– Bugun biz uchun quvonchli kunlardan biri bo‘ldi. Uch nafar farzandimiz bor. Avvallari ijarada yashardik. Bu o‘ziga yarasha noqulayliklarni ham keltirib chiqargan. Endi bizga ham shinam uch xonali xizmat uyi berildi. Bundan juda xursandmiz va o‘z minnatdorligimizni bildiramiz, – deydi 2-darajali serjant Husan Omonov.
A.Musayev, O‘zA