Harbiylar yangi yilni yangi uyda nishonlashadi
Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi «Novkent» mahalla fuqarolar yig‘inida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari uchun chegara qo‘riqlash vzvodi hamda 26 xonadonga mo‘ljallangan xizmat uylari foydalanishga topshirildi.
Mamlakatimiz milliy armiya qudratini yuksaltirish borasida keyingi yillarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, harbiy xizmatchilar bilim va mahoratini yuksaltirish, shaxsiy tarkibning harbiy-jismoniy tayyorgarligini mukammallashtirish, ularning oilalarini ijtimoiy muhofaza qilish, zobit va xizmatchilarning moddiy ta’minoti va uy-joy sharoitlarini yaxshilash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada yangi mudofaa doktrinasi qabul qilindi, har bir ma’muriy sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yurtimizda Yangi yil bayrami shukuhi kezayotgan shu kunlarda bir guruh harbiy xizmatchilarga yangi uylarning topshirilishi katta shodiyonaga aylandi. Tantanali tadbirda viloyat hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari Xayrullo Bozorov ishtirok etib, tadbir qatnashchilarini qo‘shaloq bayram bilan qutladi.

Bir gektar maydondan iborat harbiy shaharchada o‘quv-jangovar mashg‘ulotlar o‘tkazish, chegara nazorati binolari, sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, ko‘p qavatli uy, xizmat itlari, otlari saqlash joylari, issiqxona barpo etildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning farzandlari tarbiyalanishi uchun 30 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, oila bekalari uchun tikuvchilik sexi qurib bitkazildi.
2021 yilning aprel oyida zamonaviy shaharsozlik me’morchiligi an’analari asosida «Vodiy yuksak omad ta’mir» mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan ushbu majmua qurilishiga kirishilib, ezgu maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun viloyat hokimligi byudjetidan 18 milliard 800 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Tadbirda 26 nafar harbiy xizmatchilarga yangi uy kalitlari tantanali ravishda topshirildi. Viloyat sektorlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, mehnat faxriylari, faollar, barkamol avlod vakillari xizmat binolari, oshxona, bolalar bog‘chasi, tikuvchilik sexi, xonadonlarda yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar.
– Bugun yangi mebellar, maishiy texnikalar bilan jihozlangan ikki xonali uyga ko‘chib o‘tganimizdan behad mamnunmiz, – deydi kichik serjant Sherzod Muxtorov. – Besh yoshli o‘g‘lim yangi bog‘chaga joylashdi, turmush o‘rtog‘im tikuvchilik sexiga ishga kirdi. Bundan buyon oilaviy xotirjamlik bizni tinch-osoyishta hayot uchun sitqidildan xizmat qilishga rag‘batlantiradi.

M. Sulaymonov, O‘zA