Harbiylar oila a’zolari bilan uchrashuv
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Oybek Saidov Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism madaniyat markazida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan uchrashdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning salohiyati oshdi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi. O‘z hayotini ona yurt himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan harbiylarimiz bilan doimo faxrlanamiz.

Bugungi kunda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari hamda soha faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham jiddiy ahamiyat berilmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatida ham joriy yilning o‘zida harbiylar uchun ko‘plab turarjoylar qurildi, harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berildi. Shu bilan birgalkida mingdan ziyod harbiylarning turmush o‘rtoqlari kasbga o‘qitilib, ishga joylashtirildi. Albatta, bu kabi ishlar tizimli davom etmoqda.

Harbiy qismda tashkil etilgan uchrashuv ham harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga yana bir e’tibor ifodasi bo‘ldi. Dastavval yurt o‘g‘lonlarining oila a’zolari tantanali kutib olindi.Tadbirda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Okrug qo‘shinlari qo‘mondoni harbiylarning oila-a’zolariga Vatan himoyachilariga doimo yelkadosh bo‘layotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Samimiy muloqot davomida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, bandligini ta’minlash kabi amalga oshirilayotgan ishlar munosib rag‘bat bo‘layotganligini qayd etdi.

Uchrashuv qatnashchilari harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirildi. Tarix o‘quv binosida mutaxassislar tomonidan yurtimiz tarixi, binodagi eksponatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri