Harbiy xizmatchilar Buxoro bo‘ylab sayohat qildi
Buxoro garnizonidagi harbiy qism muddatli harbiy xizmatchilari dam olish kuni Buxoro bo‘ylab sayohatda bo‘ldi.
Harbiy xizmatchilar Buxoro shahridagi Minorai Kalon, Labi Hovuz majmualarida bo‘ldi. Shuningdek, Ark qo‘rg‘onidagi muzeyning eksponatlarini tomosha qildi.
– Men Buxorodagi obidalarni ko‘rib buyuk tariximiz haqida ma’lumotga ega bo‘ldim, – deydi Toshkent viloyati Zangiota tumanilik muddatli harbiy xizmatchi Mirjalol Mirxakimov. – Ota-bobolarimizdan qolgan tarixiy obidalar menda katta taassurot qoldirdi. Harbiy xizmatni o‘tab bo‘lganimdan so‘ng, albatta oila a’zolarimni ham Buxoro bo‘ylab sayohat qilishga olib kelaman. Ular bilan taassurotlarimni o‘rtoqlashaman.
– Muddatli harbiy xizmatchilarni ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan tarixiy me’moriy yodgorliklar bilan tanishtirish asosiy vazifamiz, – deydi vzvod komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari kichik serjant Tolibjon Yuldoshov. – Ularning ma’nan yetuk, jismonan baquvvat bo‘lib tarbiyalanishida buyuk insonlar qoldirgan ma’naviy merosni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov,
O‘zA