Harbiy vatanparvarlik loyihalari ommalashadi
Nurafshon shahrida “Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlarning asosiy maqsadi va vazifalari, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati, 2025-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar dasturi” ijrosi yuzasidan o‘quv-seminari o‘tkazildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyat Kengashi, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi bilan hamkorligida tashkil etilgan tadbirda hududdagi harbiy qismlar boshlang‘ich tashkilot yetakchilari qatnashdi.

So‘zga chiqqanlar bugungi kunda yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatini samarali amalga oshirish yo‘nalishida kelgusidagi vazifalar, ushbu yo‘nalishda Yoshlar ittifoqi va Kasaba uyushmalarining hamkorlikdagi imkoniyatlari to‘g‘risida atroflicha fikr bildirdi. Shuningdek, Kasaba uyushmalarining 120 yillik tarixi va bugungi kundagi faoliyati hamda harbiy qismlarda faoliyat olib boruvchi xodimlar uchun beriladigan imtiyoz va qulayliklar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shuningdek, tegishli mas’ullarning 2024 yildagi faoliyati yuzasidan hisobotlari tinglandi va 2025 yildagi ustuvor maqsad va vazifalar belgilab olindi. O‘tgan davrda harbiy qismlar va muassasalardagi, o‘quvchi yoshlarni hamda mahallalardagi uyushmagan yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida ko‘plab tadbirlar o‘tkazilganligi, ularga 112 ming 985 nafarga yaqin yoshlar qamrab olinganligi ta’kidlandi.

Jumladan, joylardagi harbiy qismlar va muassasalarda “Ochiq eshiklar kunlari” tashkil etilib, harbiylar va o‘quvchilar o‘rtasida qizg‘in muloqot tashkil etilmoqda. Asosan haftaning dushanba va juma kunlari kuch tuzilmalar hamda Toshkent harbiy okrugi bilan hamkorlikda viloyatning chekka hududlaridagi mahallalarda “Vatanparvarlik karvonlari”, “Harbiy qismdagi bir kunim!” loyihalari o‘tkazildi. Muhimi, yoshlar bu loyihalarga qiziqishi katta bo‘lmoqda.
– Joriy yil ham viloyatimiz yoshlarining harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini orttirish hamda ularni harbiy kasb borasidagi tushunchalarini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi bo‘lim boshlig‘i Erkin Sharopov. – Ayniqsa, bunda “General va yoshlar”, “Rahbar va yoshlar”, “Qo‘mondon va yoshlar” kabi muloqotlarni ko‘proq tashkil etish rejalashtirilgan. O‘z navbatida turli yo‘nalishlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish orqali yoshlar bilimini oshirish, ijtimoiy faollik ko‘rsatishga erishiladi. Mavsumiy sport musobaqalari esa ularni chiniqishi, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, 2025 yil Toshkent viloyatida 700 ga yaqin turli xildagi ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi maqsad qilingan. Shundan 29 tasi yirik loyiha bo‘lib, ularga 130 mingdan ziyod yoshlarni qamrab olish ko‘zda tutilgan.
A.Musayev, O‘zA