Harbiy qismdagi sharoit mehmonlarga manzur bo‘ldi
Mamlakatimizda “ArMI – 2022” xalqaro armiya o‘yinlari, jumladan, Jizzax viloyatidagi “Forish” tog‘ poligonida “Qurolsoz usta” va “Dala oshxonasi”, shuningdek Samarqand viloyatidagi “Sazagan” poligonida “Xavfsiz muhit” musobaqalari o‘tkaziladi.
Mazkur musobaqaga ishtirok etish uchun kelgan mehmonlar kecha Jizzax garnizonidagi “n” harbiy qismda bo‘lib, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi. Bu haqida Markaziy harbiy okrugning matbuot xizmati xabar berdi.

Harbiy mehmonlar bugungi kunda milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar bilan qiziqdi. Shuningdek, musobaqa ishtirokchilari harbiy qism bo‘ylab o‘quv binolari, yotoqxona, oshxona, madaniyat markazi, tibbiyot punkti, sport majmualari hamda harbiy shaharchada ham bo‘ldi.
Harbiy qismning o‘quv binosidagi sohibqiron Amir Temur va buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan tematik o‘quv sinf xonalari va harbiy shaharchadagi “Xotira maydoni” mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Bundan tashqari, turli mamlakatlardan kelgan harbiy delegatsiya vakillari harbiy xizmatchilarimizning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlaridan tortib, axloqiy-ruhiy tayyorgarligi, yashash sharoitlari bilan ham atroflicha tanishdi.

Bugun Jizzax viloyatidagi “Forish” tog‘ poligonida mazkur musobaqalarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
A.Qayumov, O‘zA