“Harbiy qism yettiligi” – inson qadrini ta’minlashning samarali mexanizmi
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlab hal etishga qaratilgan “Harbiy qism yettiligi” tizimi joriy etilgan.
Mahallalarda o‘z samarasini namoyon etgan “mahalla yettiligi” tajribasi asosida tashkil etilgan mazkur tizim harbiy xizmatchilarning ijtimoiy, ma’naviy va ruhiy holatini o‘rganish, murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda harbiy jamoalarda sog‘lom muhitni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
[gallery-29798]
Tizim tarkibiga harbiy qism komandiri, uning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, harbiy psixolog, moliya xizmati boshlig‘i, kadrlar bo‘limi boshlig‘i, harbiy qism bosh serjanti hamda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassis kiritilgan.
Xayraobod garnizonida joylashgan harbiy qismda ham “Harbiy qism yettiligi” vakillari tomonidan harbiy xizmatchilar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Muloqotlar davomida xizmatchilarning xizmat faoliyati, ijtimoiy ahvoli va oilaviy muhiti o‘rganilib, murojaatlari yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, harbiy shaharchalarda istiqomat qilayotgan oilalar xonadonlarida bo‘lib, ularning yashash sharoiti va ijtimoiy ehtiyojlari o‘rganilmoqda. Xususan, farzandlarni ta’lim muassasalariga joylashtirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish va ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida bir qator ijtimoiy masalalar o‘z yechimini topmoqda. Jumladan, Namangan viloyatida tug‘ilib o‘sgan Muslima Ortiqova turmush o‘rtog‘ining xizmat vazifasi tufayli Denov tumaniga ko‘chib kelganidan so‘ng mehnat faoliyatidan vaqtincha uzilgan edi. “Harbiy qism yettiligi” tomonidan ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak natijasida u joriy yilning may oyidan boshlab o‘z mutaxassisligi bo‘yicha pedagogik faoliyatini qayta tikladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur tizim harbiy xizmatchilar va ularning oilalari bilan doimiy muloqotni ta’minlash, ijtimoiy muammolarni barvaqt aniqlash hamda harbiy jamoalarda o‘zaro ishonch va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA