Harbiy faxriylar sharaflandi
Termiz garnizonidagi harbiy qism madaniyat markazida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug faxriylar kengashlari raislari va o‘rinbosarlarining o‘quv-uslubiy yig‘ini bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridagi faxriylar kengashlari raislari hisoboti tinglandi.

Mudofaa vazirligi faxriylar ishlari bo‘yicha harbiy okrug hamda viloyat kengashlari harbiy qism va muassasalari harbiy xizmatchilarida yuksak vatanparvarlik, ma’naviy, axloqiy-ruhiy, kasbiy sifatlarni yanada rivojlantirishga, qo‘shinlarning eng yaxshi an’analari, jumladan, “Ustoz-shogird” an’anasini izchil davom ettirishga, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalab, Vatan taqdiri uchun daxldorlik hissini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

O‘quv-uslubiy yig‘inda shu haqida atroflicha fikr yuritilib, harbiy okrug va viloyat faxriylar kengashlarining faoliyati chuqur tahlil qilindi. Bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Yig‘in doirasida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug faxriylar kengashi raisi Sharif Madiyev faxriylar kengashlarida faol xizmat qilayotgan bir guruh harbiy pensionerlarga Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alarini topshirdi. Mudofaa vazirligi tizimida uzoq yillar samarali xizmat qilgan zaxiradagi podpolkovnik Nemat Yoqubov O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining "Mudofaa vazirligi faxriysi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

– Bugun men uchun juda quvonchli kun bo‘ldi,– deydi zaxiradagi podpolkovnik Nemat Yoqubov.– Ko‘p yillik mehnatim munosib baholanib, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining "Mudofaa vazirligi faxriysi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bu e’tibor o‘quv-uslubiy yig‘inda belgilab berilgan vazifalarni sifatli bajarish va yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ishlarni samarali tashkil etishga rag‘bat bo‘ldi.

O‘quv-uslubiy yig‘inning ikkinchi kuni Termiz davlat universitetida faxriylar, harbiy xizmatchilar va talaba-yoshlarning “Uch avlod” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda faxriylar xizmat davridagi ibratli hayot yo‘llarini, mustaqilligimizni avaylab-asrashda boshqalarga namuna bo‘lgan mard safdoshlarining jasoratidan lavhalarni yodga oldi. Keyingi yillarda tinchligimiz posbonlariga yaratilayotgan sharoitlar, yosh avlod kamoloti yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar haqida so‘z yuritildi. Talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Mehmonlar Termiz shahrining diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishib, buyuk alloma Hakim at-Termiziy majmuasini ziyorat qildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri