Harakat — salomatlik garovi
Insoniyat taraqqiyotning yuqori bosqichiga ko‘tarilib, kundalik yumushlarimiz raqamli texnologiyalar yordamida osonlashayotgan bir davrda salomatligimiz uchun jiddiy xavf — kam harakatlilik muammosi yuzaga kelmoqda. Bugungi kunda "asr vabosi" deb ta’riflanayotgan gipodinamiya ko‘plab surunkali kasalliklarning asosiy sababchisiga aylanib bormoqda. Zamonaviy dunyoda transport vositalari, masofaviy ish tartibi va turli gadjetlar insonni jismoniy kuch ishlatishdan deyarli cheklab qo‘ydi.
Bu qulayliklarning o‘z badali bor. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kam harakatlilik natijasida organizmda modda almashinuvi buziladi, yurak-qon tomir tizimi zaiflashadi va ortiqcha vazn to‘planishi natijasida qandli diabet hamda gipertoniya kabi xastaliklar kelib chiqadi.
Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va inson umrini uzaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
So‘nggi yillarda ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga oid qabul qilingan muhim hujjatlar, mahallalarda barpo etilayotgan sport maydonchalari hamda "salomatlik yo‘lakchalari" aholining jismoniy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Zero, salomatlikni tiklash uchun doim ham murakkab mashqlar talab etilmaydi. Kundalik piyoda yurish yurak faoliyatini yaxshilaydi, qon bosimini me’yorlashtiradi va ruhiy tetiklik bag‘ishlaydi.
Ayni shu maqsadda Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Salomatlik uchun 5 ming qadam” sport tadbiri sog‘lom hayot sari tashlangan navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Tadbir doirasida boshqarma xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan ommaviy yurish va badantarbiya mashqlari sog‘lom turmush tarzi nafaqat shaxsiy tanlov, balki mehnat samaradorligi va jamiyat farovonligining asosi ekanini yana bir bor namoyish etdi.
Turli yoshdagi ishtirokchilarni birlashtirgan bu kabi harakatlar texnologiyalar davrida inson o‘z sog‘lig‘i uchun mas’uliyatni his qilishi lozimligini eslatib turadi.
Ta’kidlash joizki, texnologiyalar bizga vaqt va qulaylik berishi mumkin, ammo salomatlikni faqat harakat orqali saqlab qolish mumkin. Bu kabi loyihalar har birimizni kundalik hayotda faol bo‘lishga chorlaydi. Zero, harakat bor joyda salomatlik va barqaror rivojlanish bardavom bo‘ladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA