Har qanday iqtisodiy o‘sishni, eng avvalo, raqobat muhiti ta’minlaydi
Raqobat bor joyda izlanish, o‘z ustida ishlash jarayonlari ortadi. Tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotini xaridorgir bo‘lishi uchun tinimsiz izlanadi, hamkorlar qidiradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham viloyatdagi raqobat muhitiga alohida to‘xtalib o‘tgani bejiz emas.
Chunki, bozor – eng sifatli, eng arzon, raqobat muhitiga dosh beradigan mahsulot ishlab chiqaradigan tadbirkorlarniki. Shu bois bugun yurtimizda tadbirkorlarning ichki va tashqi bozorda emin-erkin faoliyat yuritishi, investitsiyalar kiritishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi hamda Progressiv islohotlar markazi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv Memorandumidan ham bir qancha maqsadlar ko‘zlandi.
Jumladan, monopoliyaga qarshi tartibga solish va raqobatni baholash bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar va tahlillar olib borish, ularning natijalari asosida qonunchilik va amaliy mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, davlat boshqaruvi uchun institutsional va texnologik innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkazish, bozorlarga kirishdagi to‘siqlarni aniqlash va raqobatni rag‘batlantiruvchi choralar ishlab chiqish kabi bir qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.
Shuningdek, taraflar xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, konferensiyalar, forumlar, seminarlar uyushtirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham kelishib oldi.
Iqtisodiy siyosatdagi har bir ijobiy o‘zgarish zamirida chuqur tahlil va samarali hamkorlik yotadi. Taraflar bu kelishuvni amaliy harakatlar bilan mustahkamlab borishni rejalashtirmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA