Har qanday dardning davosi mehnat (+video)
Yurtimizda aholining barcha qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish maqsadida aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan shaxslarga manzilli yordam ko‘rsatish hamda ularni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlashda esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va mahalladagi ijtimoiy xodimlar yaqin ko‘makchi bo‘lmoqda.
Navoiy viloyati Konimex tumanidagi Yangi Qazg‘on ovuli viloyat markazidan qariyb 130 kilometr olisda joylashgan bo‘lib, bu yerda ham davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
– Men xizmat ko‘rsatuvchi “Sarjal” va “Yangi Qazg‘on” ovul fuqarolar yig‘inida 1327 ta oilada 5196 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 168 nafari nogironligi bo‘lgan shaxs, 250 nafari kam ta’minlangan oila va 8 nafari o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz yashovchi, nogironligi bor shaxs hisoblanadi. Ularga yordam berish uchun 2 nafar assistent biriktirilgan, – deydi kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Oljas Adilov. – Oilalar holatini o‘rganish davomida ijtimoiy holati og‘ir ahvolga tushib qolishi mumkin bo‘lganlarning ro‘yxati shakllantirilib, 47 nafariga keys ochildi. Ularga ijtimoiy xizmat hamda yordam ko‘rsatish maqsadida reja tuzdim. O‘tgan davr mobaynida 27 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga reabilitatsiya-ortopediya vositalari yetkazib berildi. Ijtimoiy reyestrga kiritilmay qolgan 4 nafar shaxsning bandligi ta’minlandi.
Tinchlik Muaitbasov “Yangi Qazg‘on” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. Taqdir taqozosi bilan 2016 yilda belini shamollatishi natijasida ikkita oyog‘i ishlamay qolgan. Hozirda 1-guruh nogironi.
Xalqimizda “Olloh kimgadir boylik berib, kimgadir dard berib sinaydi”, degan ibora bor. Tinchlik aka ham ana shunday dard bilan sinalayotgan insonlardan biri. Ammo u “dard”ga bo‘yin egmadi. Taqdir sinovlarini qarshi olgan qahramonimiz yengilmadi. Bir yil to‘shakda qimirlamay yotgan, yoshligidan “zuvalasi mehnatda pishgan” T.Muaitbasov mehnat qilishdan, harakatlanishdan to‘xtamadi. Mehnati va kuchli irodasi bilan o‘z sevimli ishini davom ettirmoqda. Hozirgi kunda 5 sotix atrofidagi tomorqasida dehqonchilik qilib, cho‘l sharoitida 10 dan ortiq sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirmoqda. Ovuldagi ko‘pchilik xonadon vakillari uning tomorqasini ko‘rib, havas qiladi.
[gallery-18320]
– Oyog‘im ishlamay qolgandan keyin to‘shakda bir yil yotdim, – deydi Tinchlik Muaitbasov. – Ko‘p joylarda davolandim, Navoiy, Toshkentga bordim. Yildan-yilga yaxshiman. Uyda o‘tirgim kelmaydi. Dehqonchilikka, ko‘kalamzorlashtirishga qiziqaman. Pomidor, sabzi, kartoshka, piyoz, qovun, tarvuz yetishtiryapman. Bog‘im ham bor, bu yil hosilga kirdi. Ishlasang, mehr bersang, har qanday sharoitda hosil olsa bo‘ladi. Bizning yerlar qumlik. Suvni ko‘p iste’mol qiladi. Kechasi sug‘ormasangiz, kunduzi yer qaynab ketadi. Mehnat, harakatning orqasidan yildan-yilga sog‘ligim yaxshilanib bormoqda. Erta tongda soat 4 da turib, hovliga chiqib mehnat qilaman. Ekinlarga qarayman. Gullardan bahra olaman. Xursand bo‘laman. Kayfiyatim ko‘tariladi. Agar sog‘ligim yaxshilanib, yurib ketsam bir gektar yer maydonida bog‘ qilishni rejalashtirganman. Ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim haftada bir xabar oladi. Hol-ahvol so‘raydi. Aravacham eski edi, yangisini olib berdi. Davlatimizga, Prezidentimizga rahmat. Biz kabi nogironlarga har tomonlama yordam berib, qo‘llab-quvvatlamoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dv6nv1-AFeg" title="Har qanday dardning davosi mehnat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Albatta, bugun yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida islohotlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi aholini rozi qilish, ularning turmush sharoitini yanada yaxshilash, ertangi kunning bugungisidan yaxshiroq bo‘lishi uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardir. “Har qanday dardning davosi mehnat”, deya kun sayin sog‘ligi tiklanayotgan Tinchlik aka Muaitbasov kabi yurtdoshlarimiz davlatimiz e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q. Ularning sog‘lom turmush tarziga qaytarish borasidagi sa’y-harakatlar esa davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari