Har lahzasi qadrli musobaqa
O‘z kasbining ustalari ma’lum bo‘ldi.
Forish tog‘-dala o‘quv maydonida xalq orasida anchayin tilga tushgan, ko‘pchilikni qiziqtiradigan Qurolli Kuchlar miqyosidagi “O‘z kasbining ustasi” unvoni uchun musobaqalar qizg‘in tarzda o‘tkazilib, yakuniga yetdi. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan "Men g‘olib" shiori ostida o‘tkazilgan ushbu musobaqa harbiy xizmatchilarning nazariy va amaliy ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ishtirokchilar otish tayyorgarligi, taktik vazifaga javob tayyorlash, 3 km va 100 metrga yugurish, turnikda tortilish, texnik tayyorgarlik, yagona to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish kabi qator vazifalar bo‘yicha bellashdilar. Saralar saralanib “Eng ilg‘or harbiy qism komandiri”, “Eng ilg‘or batalon komandiri”, “Eng ilg‘or vzvod komandiri”, “Eng ilg‘or guruh komandiri” va “Eng ilg‘or serjant” ma’lum bo‘ldi. Natijalar nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ularning yaqinlari uchun ham qiziqarli edi. Shuning uchun ham ishtirokchilar har bir lahzaning qadriga yetib, bor g‘ayrat-shijoatlarini ishga solib, g‘oliblik uchun intildilar.
Tasavvur qiling, maydonda yaqindagina harbiy xizmatni boshlagan askar yoki kursant emas, bir necha yillik tajribaga ega Vatan himoyachilari bellashyapti. Ular bir-biridan bilim va ko‘nikmada qolishmaydi, jangovar toblangan, jismonan chiniqqan. Ammo ular orasidan ham eng kuchlilari g‘olib bo‘ladi.
Musobaqa ishtirochilarining xatti-harakatlarini kuzatsangiz havasingiz keladi. Barcha shartlarni yengil va osonlik bilan bajaradilar. Lekin ular bu darajaga kelgunicha qancha mashq qilganliklarini ilg‘ash qiyin emas. Zero, nishonga tekkan har bir o‘q – yuzlab mashqlar natijasi.

Bir necha kun davom etgan musobaqa yakuniga qadar maydonga tushgan harbiy xizmatchilar birpas bo‘lsin, tin olmadi. Ular favqulodda vaziyatda duch kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holatga tayyorgarlik yuzasidan vazifalar bajardilar. Ishtirokchilar faqat jangovar va jismoniy tayyorgarlik jihatidangina bellashmadilar. Test savollariga ham javob berib, boshqalardan bilim va ko‘nikmalari qanchalar farq qilishini bilib oldilar.
Musobaqada mutlaq g‘olib bo‘lgan “Eng ilg‘or harbiy qism komandiri”, “Eng ilg‘or batalon komandiri”, “Eng ilg‘or vzvod komandiri”, “Eng ilg‘or guruh komandiri” va “Eng ilg‘or serjant”lar Vatan himoyachilari kuni tantanalarida taqdirlanadi.
Aziz NORQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti