Har bir kasb ustasi o‘z ishini havaskorlikdan boshlaydi
Toshkent shahar hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan «Toshkent yoshlarni sevadi» oyligi doirasida tashkil etilgan «Poytaxtning SMMchi qizlari» loyihasi ish izlab yurgan qizlar va onalik ta’tilidagi ayollar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Unda ming nafar xotin-qiz malakali mutaxassislar tomonidan bepul tarzda zamonaviy kasb-ta’lim egallamoqda.
«Zakovat arena»da bo‘lib o‘tgan ochiq davra suhbatida kurs tinglovchilari faol ayollar, xususan, raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova va jurnalistlardan kerakli maslahat va ko‘nikmalarni olishdi. Qizg‘in savol-javob va ochiq muloqotlarda ishtirokchilar kelgusi faoliyatlari uchun yangi rejalar va g‘oyalarga ega bo‘lishdi.
– Ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn savdo qilib, uyda o‘tirib daromad topayotgan qizlar faoliyatiga qiziqardim, kuzatardim, – deydi kurs tinglovchisi Feruza Rahmatova. – Ammo SMM kurslari qimmat ekanligi uchun o‘qishga imkoniyatim bo‘lmas edi. Bugungi kurs orqali sohani malakali mentorlardan bepul o‘rganmoqdaman. Maqsadim sohaga qiziquvchi xotin-qizlarga ko‘mak bermoqchiman.
Bu kabi imkoniyatlar ishsiz qizlarning daromad topishi va o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi. «Toshkent yoshlarni sevadi» oyligi doirasidagi tadbirlar davom etadi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA