Har bir bolaga mehr va e’tibor
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni nainki kichkintoylar uchun quvonchli bayram, balki kattalarga bolalarning doimiy g‘amxo‘rlik va himoyaga muhtoj ekanligi, har bir fuqaro bolajonlar uchun mas’ul ekanini anglatuvchi sanadir.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida kichkintoylar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, yurtimizda aholining birmuncha himoyaga muhtoj qatlamlari, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarni ijtimoiy himoyalash siyosatini amalga oshirish yuzasidan maqsadli dasturlar hayotga keng joriy etilmoqda.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish, umuminsoniy qadriyatlar ruhida har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash uchun barcha sharoit yaratilmoqda.

Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi va uning Farg‘ona, Samarqand va Qarshi shaharlaridagi filiallarining xodimlari yordamida oilaviy poliklinikalarda, qishloq punktlarida nogironlikni erta profilaktika qilish, bolalarning erta ruhiy-jismoniy rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, o‘quv muassasalari, huquq-tartibot idoralari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish maqsadida "Erta yordam xizmati" faoliyati takomillashtirildi.
O‘tgan yillar davomida nogironligi bo‘lgan bolalarning turli tadbirlarda, jumladan, sport musobaqalarida ishtirok etishi bo‘yicha qamrov va miqdori ortdi. Bolalarimiz ko‘plab xalqaro tanlovlar va musobaqalarning g‘oliblari bo‘ldi, ko‘pgina xalqaro festivallarda ishtirok etmoqda.

Muruvvat uylari mutaxassislari o‘zlarining kasbiy malakasini oshirdi, kadrlarga oid shtat birligi – psixolog, defektolog o‘rinlari kiritildi.
Markaz bolalarni tasviriy san’atning turli shakllariga jalb qilyapti.
“Har bir bolaga mehr, e’tibor!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan “Ochiq eshiklar kuni” bayram tadbiri ana shunday ezgu ishlarning yaqqol namunasidir. Tadbir doirasida ko‘rgazmalar, badiiy ijodga oid mahorat darslari, sport musobaqalari, viktorina va tanlovlar bo‘lib o‘tdi.
N.Usmonova, O‘zA