Har bir bola sifatli tibbiy xizmatdan foydalana olishi kerak
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammiti hamda bolalar onkologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress bugun o‘z ishini xalqaro tashkilotlar rahbarlari, vazirlar va ekspertlar ishtirokida yuqori darajadagi plenar sessiyalar bilan davom ettirmoqda.
Jumladan, “Hayotning barcha bosqichlarida o‘lchanadigan natijalarni ta’minlovchi adolatli va barqaror bolalar sog‘liqni saqlash tizimlariga investitsiyalar” nomli sessiyada Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami bo‘yicha Yevropa markazi rahbari Meltta Yakab tashkilot tomonidan bolalarda ko‘p uchraydigan kasalliklarni erta aniqlash va davolash, yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash tadbirlari, bolalar onkologiyasi bo‘yicha dastur va loyihalar haqida ma’ruza qildi.
Mazkur sessiyada O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov mamlakatimizda bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
– Keyingi yillarda yurtimizda bolalar salomatligini muhofaza qilish, xususan, bolalar onkologiyasi va gematologiyasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi E.Adilov. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarorlari asosida bolalar onkologiyasi va gematologiyasi kattalar tibbiyoti yo‘nalishidan alohida ixtisoslashgan xizmat sifatida rivojlantirilib, ushbu sohadagi tibbiy yordam tizimi mustahkamlanmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2025-yil 19-maydagi qarori bilan 2025-2030-yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy strategiyani amalga oshirish chora-tadbirlari belgilandi. Mazkur qaror ijrosi doirasida 2026-2035-yillarda onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Milliy reja ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Ushbu hujjatlar bolalar saratonini erta aniqlash, zamonaviy davolash usullaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bundan tashqari, biz Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha global tashabbusida ishtirok etyapmiz. 2024-yilda esa mamlakatimiz bolalar saratonini davolash uchun zarur dori vositalaridan foydalanish bo‘yicha Global platformaga dastlabki pilot davlatlardan biri sifatida qo‘shildi.

Sessiyada, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Damirbek Osmanov, Tojikiston sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vaziri Jamoliddin Abdullozoda, Belarus Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Yelena Bogdan, Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Yevgeniya Kotova, Pekin shahar nogironlar federatsiyasi raisi Li Yan so‘zga chiqib, o‘z davlatlari misolida bolalar kasalliklarining oldini olish va davolash, onkologik xastaliklarni davolashda qo‘llanilayotgan so‘nggi texnologiyalar haqida ma’lumot berdi. Muhokama davomida ishtirokchilar bolalar salomatligi uchun dunyo davlatlari birgalikda harakat qilishlari, har bir bola – u qayerda yashayotgani va qanday iqtisodiy imkoniyatga ega ekanligidan qat’i nazar sifatli va zamonaviy tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi kafolatlanishi kerakligini ta’kidladi.
G‘.Hasanov, O‘zA