Har bir bola e’tibor va g‘amxo‘rlikka munosib
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni nafaqat bolajonlarga bayramona kayfiyat ulashish, balki ularning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va salohiyatini namoyon etish uchun ham muhim sana hisoblanadi. Yurtimizda bugungi kunda har bir bolaning baxtli va sog‘lom voyaga yetishi, zamonaviy bilim olishi hamda o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida tashkil etilayotgan ma’rifiy va xayriya tadbirlari jamiyatimizda mehr-oqibat, insonparvarlik va hamjihatlik qadriyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika “Kelajak” markazi tomonidan “Kichik yuraklar – Katta orzular!” nomli xayriya tadbiri tashkil etildi.

Tadbir bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini namoyon etish va jamiyatda mehr-oqibat hamda hamjihatlik qadriyatlarini keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazildi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan iqtidorli o‘g‘il-qizlar bir maydonda jam bo‘ldi. Xususan, respublikamizning 14 ta hududida faoliyat yuritayotgan hududiy “Kelajak” markazlari to‘garak a’zolari o‘zlarining ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi.
Tadbir davomida mehmonlar yosh iste’dod egalari tomonidan tayyorlangan ishlanmalar, ijodiy namunalar va turli loyihalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa bolalarning qiziqishlari, bilim va ko‘nikmalari, ijodiy qarashlari hamda izlanishlarini keng jamoatchilikka namoyish etish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.

“Kichik yuraklar – Katta orzular!” tadbiri mazmunan rang-barang va qiziqarli dastur asosida tashkil etildi. Bolajonlar uchun kvestlar, milliy va sport o‘yinlari, interaktiv loyihalar hamda mo‘’jizaviy shoular uyushtirildi.
Shuningdek, tadbir davomida 7 ta yo‘nalish bo‘yicha bolalarning qiziqishlari va iste’dodlarini yanada rivojlantirish, ularda yangi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Turli sohalarni qamrab olgan mazkur amaliy mashg‘ulotlar ishtirokchilarga o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan faoliyat turlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan bayramona konsert dasturi esa ishtirokchilar va mehmonlarga unutilmas taassurotlar ulashdi.

Qayd etilishicha, tadbirdan tushadigan mablag‘lar murakkab teri kasalligi bilan kurashayotgan bolajonlarni qo‘llab-quvvatlovchi “Kapalak bolalar” nodavlat notijorat tashkilotiga yo‘naltiriladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-sentabrdagi tegishli qarori asosida bugungi kunda respublika bo‘ylab jami 223 ta “Kelajak” markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda 8 210 ta to‘garakka 222 mingdan ortiq o‘quvchi jalb etilgan. Ushbu markazlar yoshlarning qobiliyatini rivojlantirish, zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va qo‘shimcha ta’lim bilan qamrab olishda muhim o‘rin tutmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA