Haqiqiy o‘zbekning lolasi edi...
Buyuklik, qahramonlik haqida ko‘p gapiramiz. Ammo shundoq yonimizda shunday insonlar yashayotganligini, ular bilan zamondosh ekanligimizni doimo his qilavermaymiz. Ular halol mehnati, ezgu ishlari bilan kamtarona umrguzaronlik qiladi.
O‘zbekiston Qahramoni, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi Lolaxon Murodova ana shunday insonlardan biri edi. U haqiqiy qishloq xo‘jaligining akademigi, yer bilan tillasha olgan o‘zbek ayoli bo‘lgan.
9 mart – qahramon opaning tavallud topgan kuni. Bugun qadrdon dalalar uni juda sog‘ingan. Chunki opaning har bir yerda qadam izlari bor. Bir paytlar odam bolasi qo‘rqadigan to‘qayzorlar, barxanlar o‘rnida Lola opaning jasorati bilan lalmi yer maydonlari paydo bo‘ldi...
Lolaxon Murodovaning otasi Ne’matjon aka Poloson qishlog‘idagi jamoa xo‘jaligining traktor parkida mexanik bo‘lib ishlagani bois Lolaxon opa otasining kasbiga juda qiziqqan. Maktab o‘quvchiligi paytidayoq otasiga ergashib, traktorni boshqargan. Ana shu qiziqish tufayli u bilim yurtida mexanizatorlik kasbini egalladi. Shu kasbni egallaboq, dalada paxta terish mashinasini boshqardi. O‘sha yiliyoq Oltiariqqa va viloyatga nomi ovoza bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tmasdan uni jamoa xo‘jaligining yoshlar paxtachilik brigadasiga rahbar etib tayinlashdi. O‘t-olov qizning sa’y-harakatlari bilan bu brigadada har yili davlat rejalari muddatidan avval va ziyodi bilan bajarila boshlandi. Ana shularni hisobga olib, tuman rahbariyati uni bo‘lim boshlig‘i etib tayinladi.
Bo‘limdagi qator muvaffaqiyatlar esa Lolaxon Murodovani “Nurobod” shirkat xo‘jaligi raisi darajasiga ko‘tardi. Oradan yillar o‘tdi. Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar tufayli yurtimizda fermerlik harakati rivojlana boshladi. L.Murodova ham birinchilar qatorida hosildor yerlardan emas, aksincha, qumloq, dehqonchilik qilish og‘ir bo‘lgan cho‘l hududidan yer olib, yangi fermer xo‘jaligiga asos soldi va uni mahorat bilan boshqara boshladi.

Mexanizatorlik qilib yurgan yillari ham, paxtachilik brigadasi va bo‘lim boshlig‘i, keyinchalik shirkat xo‘jaligi raisi vazifalarida ishlab yurgan yillarida ham qishloq hududidagi ekin maydonlarining pastu balandini atroflicha o‘rgangan edi. U hatto qish kunlari ham qadrdon dalasiga yo‘l olardi.
Paykallarning meliorativ holatini yaxshilash, hosildorlikni yanada oshirish, tuproq unumdorligiga qarab urug‘ navini tanlash bo‘yicha rejalar tuzar, bu rejalarni amalga oshirishning eng maqbul yo‘llarini o‘ylardi. Ana shu omilkorlik va tajribalarning barchasi unga fermer xo‘jaligi dalalaridagi dehqonchilik bilan shug‘ullanish jarayonida juda asqotdi. Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, cho‘l yerlaridagi hosildorlikni ko‘tarish oson bo‘lmadi. Fermer xo‘jaligi dastlab tashkil etilgan yillarda yerlarning har gektari arang 15-20 sentnerdan hosil berardi. Tajribali dehqon ayolning sa’y-harakatlari, mahorati, dehqonchilik ilmidagi izlanishlari har yili o‘z samarasini bera boshladi. Keyinchalik hosildorlik 35-40 sentnergacha, so‘nggi 4 yilda esa 55-60 sentnergacha ko‘tarildi.
Fermer ayol otasining o‘gitlariga bir umr amal qildi. Hatto yerlarining hosildorligi 60 sentnergacha yetsa ham u bu hosildorlikni yanada oshirish maqsadida izlanib, intilib, innovatsion loyihalar ustida bosh qotirdi. Natijani esa butun mamlakat ko‘rdi, e’tirof etdi. Jonajon mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik bayrami arafasida Prezidentimizning farmoni asosida Lolaxon Murodova O‘zbekiston Qahramoni unvoni va Oltin yulduz medali bilan taqdirlangan edi. Fidoyi fermer ayol dala ishlaridan ortib, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ham faol ishtirok etdi.
Jumladan, uning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi deputati sifatida saylovchilarning muammolarini ijobiy hal etish, ularni hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga ko‘maklashishi yo‘lidagi fidoyiligi ham tahsinga sazovordir. Lola opa bilan juda ko‘p suhbatda bo‘lganman. U hayot yo‘li, ko‘rgan qiyinchiliklari haqida ko‘p gapirib berardi.
– 14 -maktabda 8-sinfgacha o‘qiganmiz, u yer juda xaroba edi, – degandi bir suhbatimizda opa. – Keyin yangi qurilgan 31-maktabda o‘qidik.
O‘qituvchilarimiz juda talabchan bo‘lgan. Biror marta dars qoldirmasdik. Bilim yurtini bitirganimdan so‘ng shu maktabga instruktorlikka ishga taklif qilishdi. Yoshlarga mexanizatorlikni o‘rgatardim. O‘quvchiligimda yugurish bo‘yicha musobaqalarda qatnashib, chempion bo‘lganman. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi kasal bo‘lib qolganida ancha vaqt shu fandan mashg‘ulotlar o‘tdim. O‘sha paytlarda paxta mavsumi qattiq bo‘lar, o‘qituvchilar, o‘quvchilar unga jalb qilinardi. Maktablararo paxta terish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilar edi. Bir kuni direktorimizga “sovxozdan paxta terish mashinasini olib bering, shunda hammadan ilg‘or bo‘lamiz” degan taklifni bildirdim. O‘zim yelib-yugurib, qiyinchiliklar bilan yangi paxta terish traktorini olganman. Birinchi paxta maydoniga terimga tushganimda katta hayajon bo‘lgan, otam katta dalda bergan. Aslo shijoatimni tushirmasdan qattiq mehnat qilganman. Hatto vaqtni qizg‘anib, kunning issig‘ida paxta terib olay deb tushlik ham qilmasdik. O‘sha yili maktabimiz tumanda eng ilg‘or terimchi jamoa bo‘lib, “Jiguli” avtomashinasi bilan taqdirlangan. Bir mavsumda 130 tonnagacha paxta terganman. 80-yillarda yoshlar brigadasiga sardor qilishdi. Shu bilan ilk faoliyatimni boshlagan qadrdon maktab bilan xayrlashdim. Qishloq xo‘jaligi sohasiga astoydil kirishib ketdim.
U kishi bilan suhbatlashgan kishi mehnat insonni ulug‘lashiga, yurt ichida aziz qilishiga tasanno aytardi. Shuni ham quvonch bilan ta’kidlamoqchimizki, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har safar Farg‘ona viloyatiga tashriflari davomida, albatta, O‘zbekiston Qahramoni Lolaxon Murodova bilan uchrashib, dildan samimiy suhbatlashardi. Ha, Lolaxon opa chin ma’noda vodiyning barq urib ochilib turgan go‘zal lolasi edi! Bu lola nafaqat vodiyga, balki butun O‘zbekistonga ko‘rk bag‘ishlab turardi. Ming afsuski, bugun “edi” degan so‘zni ishlatishga majburmiz. O‘lim haqligini yana bir marotaba isbotladi.
Butun hayoti va mehnat faoliyatini qishloq xo‘jaligi rivojiga bag‘ishlagan Lola Murodova bugun oramizda yo‘q. Dehqonchilik sohasining sirlarini chuqur egallagan, boy bilim hamda hayotiy tajribasi, bor kuch-g‘ayratini el-yurt ishiga bag‘ishlagan mirishkor inson umrining oxirigacha o‘z kasbiga sodiq qolib, o‘zining halol mehnati bilan ko‘pchilikka ibrat va namuna bo‘ldi.
Ma’sudjon Sulaymonov,
M.Qodirov olgan surat O‘zA