Hamshira taʼlimining koreyscha tajribasi
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi va KIHASA instituti (Koreya Respublikasi) hamkorligida oʻrta tibbiy xodim taʼlimi va malakasini takomillashtirishning xalqaro tajribasi muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi va KIHASA instituti (Koreya Respublikasi) hamkorligida oʻrta tibbiy xodim taʼlimi va malakasini takomillashtirishning xalqaro tajribasi muhokama qilindi.
Mazkur masala Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari, turli hududlarning bir qator oʻrta tibbiyot xodimlariga taʼlim berishga, “hamshira taʼlimi”ga ixtisoslashgan tibbiyot taʼlim muassasalari direktorlari ishtirokida boʻlib oʻtgan onlayn konferensiyada koʻtarildi.
Dunyoning koʻpgina mamlakatlarida, jumladan, Koreya Respublikasida hamshiralar nafaqat oʻrta maxsus taʼlimga ega boʻladi, balki ular bakalavriat va magistraturani tugatib, oliy maʼlumotga ega boʻlishga intiladi. Bu oʻrta tibbiyot xodimlariga nainki shifokor yordamchilari, balki mustaqil tibbiyot xodimlari boʻlish imkonini beradi. Ayni paytda hamshiralarning kasb mahoratini oshirish shifokorlarning ishini ham yengillashtiradi.
Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, Koreya Respublikasidagi zamonaviy hamshira taʼlimi tizimiga bagʻishlangan taqdimotda bu haqda soʻz yuritildi. Onlayn forum ishtirokchilariga ushbu taqdimotni Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy soha masalalari boʻyicha Koreya instituti (KIHASA) vakili Seul Ki Choy amalga oshirgan.
Milliy palata va KIHASA hamkorligi ushbu nufuzli tadqiqot muassasasi prezidenti Choy Xing Shik bilan 2019-yil noyabrdagi uchrashuvdan boshlangan. Unda Koreya tomonidan oʻrta tibbiyot xodimlari taʼlimini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar taqdim etishga kelishib olingandi. Pandemiya tufayli kelib chiqqan oʻzgarishlarga qaramay, ushbu loyiha oxiriga yetkazilgan va uning natijalari bugungi konferensiyada taqdim qilingan.
KIHASA vakillari tomonidan mamlakatimizdagi hamshira taʼlimini qisqa, oʻrta va uzoq muddatli isloh etish rejasi taklifi kiritilgandi. Bu oʻzgarishlardagi asosiy urgʻu oʻrta tibbiyot xodimi statusini tubdan qayta koʻrib chiqishga qaratilgan. Bunga oʻquv rejalari va dasturlarini oʻzgartirib, taʼlim standartlarini joriy etish va ularni tuzishda koʻpgina mamlakatlarda mazkur institutga berilgan vakolatlarni, ilgʻor xalqaro tajribalarni inobatga olish yoʻli bilan erishish mumkin. Bunda ushbu toifadagi mutaxassislarning aynan oʻz yoʻnalishlari boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlishga intilishi uchun qoʻllab-quvvatlash tizimini yaratish muhim.
Konferensiya davomida Oʻzbekistonda “hamshira taʼlimi”ni rivojlantirish maqsadida koʻrilayotgan choralar ham taqdim etildi.
Shuningdek, koreyalik mutaxassislarga oʻrta tibbiyot xodimlarining statusini oʻzgartirishga qaratilgan batafsil tahliliy va amaliy tavsiyalari uchun minnatdorchilik bildirildi.
Muhokama etilgan masalalarning dolzarbligi va Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy soha masalalari boʻyicha Koreya institutining tadqiqot ishlari tajribasini inobatga olgan holda tomonlar hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.