Hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi
Bugun oliy ta’lim muassasasi taraqqiyotini xalqaro hamkorliksiz tasavvur etish qiyin. Zero, xorijiy universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalar yangi bilim va tajribalarni o‘zlashtirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, talabalar uchun xalqaro amaliyot maydonlarini kengaytirish imkonini beradi. Guliston davlat universitetida Xitoy Xalq Respublikasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi muloqot ham ana shu maqsadlarga xizmat qildi.
Kuni kecha Guliston davlat universiteti rektori Muhsin Hojiyev boshchiligida Xitoyning qator kompaniya va tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va investitsiya yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud aloqalarni aniq va amaliy loyihalar bilan boyitish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda Goldy Mount kompaniyasi raisi janob Nie, China Investment Association vitse-prezidenti, Beijing Hongmengze Culture Co., Ltd. raisi janob Jang Yong, mazkur kompaniya bosh menejeri xonim Jang Jingven, bosh menejer o‘rinbosari janob Li Xaoye hamda Tang Education Group vakillari ishtirok etishdi.

Mehmonlar dastlab Guliston davlat universitetining ta’lim va ilmiy salohiyati bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, universitetning EPIP markazi hamda Agrobiotexnologiya va biokimyo ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurishib, zamonaviy laboratoriyalar, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, innovatsion ishlanmalar va talabalarning amaliy ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar.
Tashrif davomida universitetning zamonaviy moddiy-texnik bazasi, ilmiy salohiyati va amaliy ta’limga yo‘naltirilgan yondashuvi xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim zamin bo‘lishi ta’kidlandi.
Muloqotda alohida e’tibor dual ta’lim tizimi asosida hamkorlikni rivojlantirish masalasiga qaratildi. Bunda talabalarning universitetda olgan nazariy bilimlarini Xitoydagi zamonaviy korxona va tashkilotlardagi amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish, ishlab chiqarish amaliyoti va stajirovkalarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Bu, avvalo, yoshlarning kasbiy mahoratini oshirish, ularni ilg‘or texnologiya va zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishtirish, mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Muloqotning yana bir muhim jihati — Tang Education Group hamkorligida Xitoy Xalq Respublikasida Guliston davlat universiteti filialini tashkil etish tashabbusi bo‘ldi. Ushbu tashabbus ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin bo‘lgan istiqbolli yo‘nalish sifatida baholandi.
Filial faoliyati doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarning akademik va ilmiy stajirovkalarini tashkil etish, tajriba almashish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, tomonlar ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, xalqaro grant va loyihalarda ishtirok etish hamda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
— Guliston davlat universiteti uchun Xitoy bilan hamkorlik faqat ta’lim va ilm-fan doirasi bilan cheklanib qolmaydi. Ilg‘or xorijiy tajribani o‘quv jarayoniga tatbiq etish, talabalar uchun xalqaro amaliyot va stajirovka imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdormiz. Bugungi muloqotni aniq amaliy tashabbuslar bilan davom ettirish niyatimiz bor, — dedi Guliston davlat universiteti rektori Muhsin Hojiyev.

Darhaqiqat, zamonaviy oliy ta’limda xalqaro hamkorlikning qiymati, avvalo, uning amaliy samarasi bilan belgilanadi. Talaba uchun bu — yangi bilim, xorijiy tajriba va kasbiy ko‘nikma; professor-o‘qituvchi uchun — ilmiy muloqot va qo‘shma tadqiqotlar; universitet uchun esa — yangi ta’lim dasturlari, investitsiyaviy loyihalar va xalqaro akademik maydonga yanada chuqurroq integratsiya demakdir.
Uchrashuv yakunida bildirilgan tashabbuslarning amaliy jihatlarini chuqur o‘rganish, istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni bosqichma-bosqich kengaytirishga kelishib olindi.

Guliston davlat universiteti va Xitoy tashkilotlari o‘rtasidagi bu muloqot yangi hamkorlik loyihalari uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda. Eng muhimi, bunday aloqalar universitet talabalari va yosh tadqiqotchilari uchun dunyoning ilg‘or tajribasi bilan tanishish, yangi imkoniyatlarni kashf etish va o‘z salohiyatlarini xalqaro maydonda namoyon etish uchun keng yo‘l ochadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri