Hamkorlikda rivojlanish - manfaatlar mushtarakligi
«Samarqand ruhi» degan so‘z mashhur iboraga aylanib ulgurdi. Bu jumla «Shanxay ruhi» bilan uyg‘unlashib – Shanxay hamkorlik tashkilotining ezgu maqsadlarini faol tarzda o‘zida namoyon qilmoqda.
Joriy yil 15-16 sentyabr kunlari har qanday vaziyatdan qat’i nazar, mintaqaviy transformatsiya makoniga aylangan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi sammitning asosiy siyosiy hujjati «Samarqand deklaratsiyasi» loyihasi 15 dan ortiq davlat rahbarlarini Samarqandda yig‘ilishiga asos bo‘ldi.
Yangi O‘zbekiston mintaqada ijobiy tomonga shiddat bilan o‘zgarayotgan yangicha hayot bo‘yicha tuzilgan ulkan dasturlar tashabbuskori bo‘layotgani bu, o‘z navbatida, «Samarqand ruhi» mangu barqaror ekanidan dalolat beradi.
Ta’kidlash joizki, SHHT hamkorligi qisqa vaqt ichida yosh institut bo‘lishiga qaramasdan o‘zining jipsligi, ming yillik Buyuk Ipak yo‘lidagi savdo-iqtisodiy makonni tiklaganligi, geografik va etnografik jihatdan manfaatlari mushtarakligi, har qanday muammoga faqat tinchlik yo‘li orqali oqilona yechim topishi bilan e’tibor qozondi.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning iqtisodiy institutsional rivojlanishini qo‘llab-quvvatlab, istiqbolli g‘oyalarini targ‘ib qilib kelmoqda.
O‘tgan davrda iqtisodiy aloqalarda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari strategik darajaga ko‘tarilib, 2017 yilda tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni tashkil etgan. Mamlakatimizdagi Xitoy hamkorligida sanoat, yuqori texnologiyalar, neft-gaz, kimyo, transport va logistika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda 700 dan ziyod sanoat ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilgan.
Uzoqqa bormaylik, yanvar-iyul oylari yakunlariga e’tibor qaratsak, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan O‘zbekistonning SHHT mamlakatlari bilan aylanmasi 25,3 foizga o‘sib, 14,0 milliard dollarni, eksport 24,4 foizga o‘sib - 4,6 milliard dollarni, import 27,3 foizga o‘sib - 9,4 milliard dollarni tashkil etdi.
Bunday natijalarga SHHT hududida tranzit salohiyatini rivojlantirish, SHHTga a’zo davlatlar hududlari bo‘ylab transportni boshqarish bo‘yicha kelishilgan tizimni amaliy tatbiq etish orqali muvaffaq bo‘lindi.
Sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi yil O‘zbekistonda hamkor davlatlarning biznes sherikligi haftaligi bo‘yicha forum o‘tkazish taklifini berdi.
Xususan, «Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va o‘zaro savdoni rag‘batlantirish maqsadida SHHT mamlakatlari maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish tarafdorimiz. Biz kelgusi yilda Samarqandda «O‘zbekiston – SHHT» sanoat zonasi bazasida maxsus zonalar administratsiyalari rahbarlarining birinchi uchrashuvini o‘tkazishga tayyormiz. Yana bir chora-tadbir sifatida har yili SHHT yirik savdo yarmarkasini o‘tkazishni, uning asosida yagona elektron platforma yaratishni taklif etamiz. Biz qabul qilayotgan Mintaqalararo savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi ham bunga yordam beradi», dedi davlatimiz rahbari.
Shuningdek, anjumanda ishtirokchi davlatlar hali foydalanilmagan tabiiy xomashyolar, turli jabhalardagi rezervlarini ishga solish va tashkilotni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etishini ilgari surdi.
Ayniqsa, xavfsizlik, transport, logistika, iqtisodiyot, raqamlashtirish, yashil iqtisodiyot va boshqa sohalarda SHHTning jahondagi nufuzini oshirishga asoslangan institutsional yondashuvni jadallashtirish muhim ekanini ta’kidladi.
Haqiqatan mintaqada yangi ufqlarni ochish har bir a’zo davlatga katta iqtisodiy foyda keltirishi turgan gap. Xususan, iqtisodiy industrial platformalar yaratish, yangidan-yangi innovatsion sanoat infratuzilmalarni tashkil qilish va aholi farovonligini oshirish uchun yetarli ish o‘rinlarini yaratish zarurati bor.
Shu bois O‘zbekiston ko‘p tomonlama kooperatsiyani yanada mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va istiqbolli, uzoqni ko‘zlangan sheriklikning yangi yo‘nalishlarni rivojlantirishni ilgari surdi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti uchun qariyb demografiyaning yarmini qamrab olgan bepoyon masshtabli hududda har bir davlat tinch-osuda, o‘z xalqi bilan farovon hayot kechirishi asosiy maqsaddir.
Mazkur sammitda davlatimiz rahbari SHHT doirasida Afg‘onistonni rivojlantirish borasida o‘z takliflarini o‘rtaga tashlar ekan, Afg‘oniston SHHT makonining ajralmas qismi ekanini aytib o‘tdi.
Salkam yarim asrdan beri urush o‘chog‘iga aylanishi oqibatida ta’lim, fan, madaniyat, umuman ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlar va sohalar mexanizmlari izdan chiqqan jafokash afg‘on xalqi o‘z qo‘shnilari bo‘lmish mintaqadagi tinchlik-barqarorlikdan manfaatdor davlatlar yordamiga pozitivlik bilan intilayotganiga alohida e’tiborni jalb etdi.
Sammitda bu xususida «Shuni ta’kidlashni istardimki, afg‘on xalqi yaxshi qo‘shnichilik yordamimizga har qachongidan ham ko‘proq muhtojdir. Biz o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz va Afg‘onistonni uning muammolari bilan yolg‘iz qoldirmasligimiz lozim», deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Eslash joizki, Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida so‘zga chiqqan Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston xususida o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish bo‘yicha dolzarb va amaliy tashabbuslarni ilgari surgan edi.
Jumladan, SHHT hududida tinchlik va totuvlikni ta’minlash, kiber xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar forumi tashkil qilish, «Bir makon bir yo‘l» shiori ostida madaniyat, sport, turizm sohalari va hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi pirovard maqsadlarni rivojlantirish dolzarbligini ham.
Bunday tashabbuslarni amalga oshirish uchun qo‘shni Afg‘oniston bilan o‘zaro kelishuvlarni ishlab chiqish, yangi hukumat bilan diplomatik muloqotni yo‘lga qo‘yish, jamiyatining barcha qatlam va guruhlari vakillari davlat boshqaruvida bo‘lishi, hududda ekstremizm hamda radikal g‘oyalar o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi kechiktirib bo‘lmas takliflarni bergan edi.
Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston hududidan uchinchi mamlakatlarga xavf solishga yo‘l qo‘ymaslik, inson huquqlari, ayollar huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy muammolarni hal qilish, xorijiy banklardagi qariyb 9 milliard Afg‘oniston davlat aktivlarini blokdan chiqarish va doimiy ravishda «SHHT – Afg‘oniston» formatida yuqori darajali uchrashuvlari o‘tkazishga da’vat qilgani ezgu ishlarimizdan.
Shu o‘rinda Afg‘onistoning tabiiy va ichki potensiali, resurslari haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tsak. Afg‘oniston Islom davlati bo‘lib, Janubi-g‘arbiy Osiyoning eng chekka sharqiy qismida joylashgan O‘rta Sharq mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Uning umumiy yer maydoni 652,2 ming km2 va hududida 25 milliondan ortiq aholi umrguzaronlik qilmoqda. Strategik, ma’muriy-hududiy tuzilishiga ko‘ra, 31 viloyatni o‘zida birlashtirib, Eron, Pokiston, Xitoy, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston bilan chegaradosh. Afg‘oniston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi chegaraning uzunligi – 137 kelometrni tashkil etadi.
Afg‘onistonda foydali qazilmalar kam o‘rganilganiga qaramay, u yerda toshko‘mir, tabiiy gaz, temir, xrom, oltin, berilliy, qo‘rg‘oshin, rux, mis rudalari hamda osh va tosh tuzlari, oltingugurt kabi qimmatbaho konlar, ma’danli suv buloqlar mavjud.
Yirik daryolari Amudaryo va uning irmog‘i – Panj hamda Hilmand, Farrohrud, Herirud, Murg‘ob va Kobul daryosi Hind okeani havzasiga quyiladi. Daryolarning suvlaridan sun’iy sug‘orishda hamda elektr energiya hosil qilishda innovatsion platformalar yaratishga qulay. Bundan imkoniyat jahonning ko‘pgina iqtisodiy taraqqiy etgan mamlakatlarida ham yo‘q desak, xato bo‘lmaydi.
Yalpi milliy mahsulotning beshdan to‘rt qismi qishloq xo‘jaligi sohasida yaratilib, yaroqli 17 million gektar yer mavjud, uning 8 million gektari haydaladigan yerlar hisoblanadi. Sug‘orma yerlar 2,5 million gektarni tashkil etadi. Bu agrar sohani rivojlantirish uchun ulkan tabiiy imkoniyat emasmi?
Afsuski, shuncha tabiiy va agrar sohada foydalanish mumkin bo‘lgan keng imkoniyatlari bo‘lsada, mamlakatda 3 millionga yaqin kishi ko‘chmanchilik bilan turmush kechirmoqda. Aksar aholisi ishsiz, qashshoq.
Prezidentimiz sammitda Afg‘onistonni rivojlantirish va transformatsiyaga olib kirish masalalarini ko‘targani mintaqada nafaqat tinchlikni ta’minlash, balki oziq-ovqat xavfsiziligini ta’minlashda, iqtisodiy taraqqiyotda salmoqli zamin ekanini anglatadi.
Shu o‘rinda afg‘on xalqining ma’naviy va ma’rifiy tarixiga ham nazar solsak, hech bir xalqdan kam emas. Chunonchi, X-XI asrlar mumtoz adabiyotining namoyandalari Rudakiy, Firdavsiy, Sa’diy kabi olamga mashhur shoirlar ijod qilgani barchani hayratlantirib keladi. Bu bebaho va betakror xazinalarni Eron, Afg‘oniston, Tojikiston xalqlari o‘zlarining umumiy adabiy merosi deb hisoblashlari abadiy do‘stlik va ezgulikka xizmat qilib kelmoqda.
Ha, albatta, xalqlararo tinchlik-totuvlikda adabiyotning roli katta. Afg‘oniston adabiyotiga fors-tojik va o‘zbek adiblaridan Umar Hayyom, Abdurahmon Jomiy, Hisrav Dehlaviy, Alisher Navoiy va Bedil ijodi barakali ta’sir o‘tkazgani afg‘on xalqi qadimdan Markaziy Osiyo xalqlari bilan bir jonu bir tan bo‘lib yashaganidan guvohlik beradi.
Ming afsuski, ko‘p qutbli manfaatlar, ichki nizolar tufayli afg‘on zaminida umumbashariy ma’naviy meroslarga putur yetdi. Aholi turmush tarzi og‘irlashib, yirik sanaot xomashyo resurslari hamda geografik strategik transport yo‘llarga ega mamlakat iqtisodiy og‘ir, tang ahvolga kelib qoldi.
Binobarin Samarqanddagi anjumanda «Bundan tashqari, Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fondni bizning mazkur mamlakatga chegaradosh bo‘lgan Termiz shahrida – u yerdagi mavjud transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda, birgalikda ta’sis etishni taklif qilamiz», dedi prezident.
Bu xususida avvalroq, Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan jurnalistlar bilan uchrashuvida ham «Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘li qurilishi haqida ma’lumot berarkan: «O‘zbekiston sharoitida eng katta masala bizning katta-katta portlarga chiqish yo‘limiz yo‘q, infratuzilmamiz yo‘q. Avval hamma chegaralarimiz mustahkam yopilgan edi. Agar hozir Surxondaryo haqida gapirsak, mening bu yerda turishimga sizlar ham hayrondirsizlar. Nimaga bu yerga prezident keldi? Men bu yerda ko‘p rahbarlar bilan «Asr loyihasi»ni muhokama qilish uchun, avvalo, Afg‘oniston rahbarini xayrixoh qilish uchun keldim. «Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» degan temir yo‘l loyihasini qurishdan hammangiz xabardor bo‘ldingiz. Toshkentda «Asr loyihasi» qurilishi loyihasiga Pokiston, Afg‘oniston va O‘zbekiston vakillari o‘tirib qo‘l qo‘ydi», degan edi davlatimiz rahbari.
Mazkur loyihaga Jahon banki tomonidan ilk bosqichlar uchun 35 million dollar mablag‘ ajratilishi borasidagi fikrlar loyihani ne chog‘lik mintaqa va jahon iqtisodiyotidagi istiqbolini ko‘rsatadi.
Transafg‘on temir yo‘lining qurilishi O‘zbekistonni qo‘shimcha yangi bozorlarga olib chiqish, ishlab chiqarayotgan mahsulotlar tannarxining 60-70 foizga kamayishiga imkon yaratadi. Uzunligi 600 km.ga yaqin «Mozori – Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘l loyihasi nafaqat Afg‘oniston, balki 200 million aholisi bor Pokiston bilan hamkorlikda katta bozorlarga chiqish imkonini taqdim etadi, dengiz portlari orqali boshqa katta bozorlarga boshlab boradi.
Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 5 yil, sarfi uchun 4,8 milliard dollar kredit mablag‘larini jalb qilish rejalashtirilayotgani mazkur temir yo‘l Janubiy Osiyo bilan O‘rta Osiyoni bog‘lab, nafaqat mintaqada yangi savdo markazlarini tashkil qilish, balki ishlab chiqarish sanoat zonalarni barpo etishga asos bo‘ladi.
O‘zbekiston uchun esa, Eron, Pokiston portlariga yo‘l ochiladi. Bu temir yo‘llari ayni paytda eksportga yuborilayotgan tovarlarimizga sarflanayotgan yo‘l va transport xarajatlarini 3-4 barobar arzonlashtiradi. Yana bir muhim jihati, yurtimizda qishloq xo‘jaligi sohasi taraqqiy etib agrar tarmoqlarda eksport hajmini kengaytiradi. Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarimizni bir necha barobarga o‘sishiga sabab bo‘ladi. Jumladan, 1,9 milliard aholisi va 3,5 trillion dollarlik YAIMga ega bo‘lgan Janubiy Osiyo – dunyoda yiliga 7,5 foiz jadal iqtisodiy o‘sayotgan mintaqa bo‘lib, transafg‘on koridori qurilishi Markaziy Osiyo transport oqimlarini diversifikatsiya qilishga omil bo‘ladi.
Chunki mintaqa davlatlarida janubiy dengizlarga chiqish uchun hozirda foydalanilayotgan Chobahor va Bandar-Abbas portlariga chiqadigan koridor va yangi temir yo‘li yordamida Karachi hamda Gvadar portlari sari yo‘l ochiladi.
Eng quvonarlisi, loyiha amalga oshgach, Pokistondan O‘zbekistonga sanoat mahsulotlarini tashishda hozir 35 kun ketayotgan bo‘lsa, yangi temir yo‘l uni uzog‘i bilan 5 kunda yetkazib beradi. Bu esa, O‘zbekiston va yaqin mintaqa uchun ulkan taraqqiyot yo‘lini taqdim qiladi.
Bunday asr loyihalari savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarda hamkorlikning mustahkam asosini an’anaviy tarzda vujudga keltiradi. Azaliy xalqlarimiz o‘rtasidagi bordi-keldi, savdo-sotiq, do‘stlik va hurmat ruhini o‘stirib boradi.
Shunday qilib, sammitda a’zo davlatlar roziligi bilan qabul qilingan «Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida»gi shartnomani kompleks rejalar asosida konstruktiv tatbiq etishga muhim masala sifatida qaraldi. Bu yo‘nalishda dasturga kiritilgan tashkilot doirasidagi universitet rektorlari forumini tashkil etish ayni muddao bo‘ldi. Forumga monand tarzda madaniyat, turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar singari qo‘shimcha formatlarni ta’sis etilishga kelishildi.
Sammitda ta’kidlangan Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab turistik infratuzilmalarni keng ko‘lamda rivojlantirish, yangilarini ishga tushirish sayyohlik sohasida qo‘shma dasturlar va loyihalarni amalga oshirishning samarali platformasi bo‘lishi tabiiy. Shu maqsadda kelgusi yilni Shavkat Mirziyoyev «SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili» deb e’lon qilishni taklif berdi. Shu kuni «Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida»gi bitim huquqiy kuchga kirdi.
Oliy darajali rahbarlar sammitida ming yillarki, yetti iqlimda dovruq taratib kelgan ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand birdamligi tashabbusi taqdim etilishi, Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ulkan loyihalar, samarador takliflar va dasturlar «bir makon-bir yo‘l»da birlashgan davlatlarni tom ma’noda ijtimoiy-iqtisodiy, xavfsizlik jihatdan barqaror rivojlantiradi.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti reyetori