Hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Janubiy Koreyaning "Daegu Haany University" delegatsiyasini qabul qildi.
O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalarning bugungi holatiga yuqori baho berildi. Istiqbolda "Daegu Haany University" bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
"Daegu Haany University"ning avlod integratsiyasi qo‘llab-quvvatlash markazi direktori Chang Keunning qayd etishicha, universitet Buxoro davlat tibbiyot institutida xalq tabobati asosida ilmiy tadqiqotga asoslangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, o‘zbekistonlik yoshlarni xalq tabobatiga asoslangan farmatsevtika sohasiga o‘qitish, Buxoroda Qirol Sejong koreys tili markazini ochish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Koreya tomoni Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida qo‘shma RD ilmiy tadqiqot markazini ochish, xalq tabobati bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, dorivor o‘simliklarni yetishtirishga mo‘ljallangan aqlli elektron ferma(Ye-farm) qurish, bunda o‘simlik dori-darmonlari, kosmetika va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda.

Uchrashuvda Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari kengaygani, kelajakda bu boradagi ishlar rivojlanishidan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi alohida ta’kidlandi.
Viloyat rahbari koreyaliklar bilan suhbat davomida takliflar va amalga oshirilishi rejlashtirilgan loyihalarni to‘laligicha qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shundan kelib chiqib, belgilangan ishlarni amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" ishlab chiqishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun: Janubiy Koreyaning “Daegu Haany University” (DHU) xalq tabobati yo‘nalishi bo‘yicha 2, tibbiyot ta’limi bo‘yicha 35 va Janubiy Koreya universitetlari orasida TOP-100 talikka kiruvchi oliy ta’lim muassasi hisoblanadi.
Koreya xalq tabobati, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit, madaniyat, biznes va informatsiya, qishloq xo‘jalik va dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha bir nechta institutlarni o‘z ichiga olgan "Daegu Haany University" 1981 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda bu yerda 7 000 nafardan ortiq talaba tahsil oladi.
Mazkur oliy ta’lim muassasasi bilan Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri