HAMAS qurolsizlanishga rozilik bildirdi
HAMAS G‘azodagi urushni yakunlashga qaratilgan yangi kelishuvni qabul qilganini ma’lum qildi. Hujjatda harakatning bosqichma-bosqich qurolsizlanishi hamda Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektoridan asta-sekin chiqarilishi nazarda tutilgan. AQSH prezidenti Donald Tramp buni tinchlik yo‘lidagi “tarixiy kelishuv” deb atadi. Shu bilan birga, kelishuvning amalga oshirish muddatlari hozircha ochiqlanmadi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv 20 banddan iborat tinchlik rejasi asosida bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Rejaga muvofiq, HAMAS qurollarini topshirishi, yerosti tunnellarini yo‘q qilishi va hokimiyatni yangi texnik ma’muriyatga o‘tkazishi lozim. Keyingi bosqichda Isroil harbiylari G‘azodan chiqib ketadi. Hudud xavfsizligini esa xalqaro barqarorlashtirish kuchlari va falastinlik politsiya xodimlari ta’minlashi rejalashtirilgan.
Politsiya ixtiyoridagi qurollarni topshirish jarayoni ikki hafta ichida boshlanishi mumkin, ammo HAMASning og‘ir qurollari hamda harbiy infratuzilmasini tugatish ancha uzoq vaqt talab qiladi. Manbalar bu jarayon 200-350 kun davom etishi mumkinligini bildirmoqda. Shu bois kelishuvning barcha shartlari qisqa muddatda bajarilishi kutilmayapti.
Isroil hukumati esa HAMASning barcha majburiyatlarni bajarishiga hali ham shubha bilan qaramoqda. Vashington muzokaralar davomida Isroil bilan doimiy maslahatlashuvlar o‘tkazilganini ma’lum qildi. Tramp kelishuv shartlariga har ikki tomon qat’iy amal qilishi zarurligini ta’kidladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda gumanitar vaziyat hamon og‘ir bo‘lib qolmoqda va aholining katta qismi yordamga muhtoj.
Musulmon Ziyo, O‘zA