Ham serdaromad, ham sogʻliqqa foyda
Qashqadaryo viloyatida qishloq xoʻjaligi, jumladan, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida qishloq xoʻjaligi, jumladan, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yakkabogʻ tumanidagi “Xoltemir Ibrohim” masʼuliyati cheklangan jamiyatining quyonchilikni rivojlantirish loyihasi ana shulardan biridir.
Quyonchilikda kam mablagʻ sarflab, parhez goʻsht, moʻynali teri, mayin tivit kabi mahsulotlar yetishtirish mumkin. Quyonlar tez yetiluvchan, serpusht va mahsuldor jonivor. Mutaxassislarning qayd etishicha, quyon goʻshti parhezbop hisoblanadi va qoʻy, echki, qoramol goʻshtiga nisbatan ancha yengil hazm boʻladi. Xolesterin moddasi buzoq goʻshtiga qaraganda 2,4-marta kam boʻlib, oqsilga juda boy. Shu bois yosh bolalar, keksalar va yurak-qon tomir, jigar, oshqozon xastaliklari bilan ogʻrigan bemorlarga koʻproq quyon goʻshti tavsiya qilinadi.
Maʼlumotlarga qaraganda, inson sogʻlom boʻlishni istasa, bir yilda 90 kilogrammgacha goʻsht isteʼmol qilishi, uning kamida 5 foizi quyon goʻshti boʻlishi kerak ekan. Bu bejiz emas. Asosiy sababi quyon goʻshtining ekologik jihatdan tozaligi va parhezbopligidir.
Jahon bozorida quyon goʻshtiga talab ortib borayotgan shu kunlarda bizda ham quyonchilik bilan shugʻullanish istagidagi tadbirkorlar koʻpaymoqda.
Yakkabogʻ tumanidagi “Xoltemir Ibrohim” masʼuliyati cheklangan jamiyatida Italiyadan “xikol” zotli quyonlar olib kelib, parvarishlanmoqda. Bugungi kunda ularning soni 5 mingtaga yetgan. Quyonlar mahalliy iqlim sharoitga tez moslashmoqda. Nar quyonlar goʻsht uchun boqiladi va ular 7-8 oy ichida 6 kilogrammgacha tosh bosadigan boʻladi. Urgʻochilari esa bir qismi korxonaning oʻzida olib qolinsa, qolgan qismi respublikamiz boʻylab quyonchilikni yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan tadbirkorlik subyektlari va aholi vakillariga yetkazib beriladi.
– Quyonchilik fermamizda 5 mingta quyonimiz bor, – deydi Bibisora Togʻayeva. – Ularning 2 mingtasi ona quyon. Ona quyonlar har 30 kunda 10 tagacha bolalaydi. Quyonlarga yemni oʻzimizda tayyorlaymiz. Ularning yoshiga qarab yem beriladi. Katta ona quyonlarga 200-300 gramm yem beriladi. Bolalariga 150 grammdan. Bir kunda ikka mahaldan yem beramiz.
Darvoqe, korxonada quyonlarga ozuqa tayyorlash uchun sex ham tashkil qilingan. Mazkur sexda ishlab chiqarilayotgan ozuqaning quyonlar ratsioniga muvofiqligi nafaqat korxona jamoasining, balki “Oʻzgaroinspeksiya” tuman boʻlimi xodimlarining ham doimiy eʼtiborida.
Eng asosiysi, bugun bu yerda 10 kishi ish bilan band. Har oyda aholi dasturxoniga 3-4 tonna atrofida parhezbop goʻsht yetishtirib berilmoqda. Jamiyat aʼzolari yaqin kelajakda quyonchilikni yana-da kengaytirish, ona quyonlar sonini koʻpaytirish va bu orqali ish oʻrinlarini 20 taga yetkazishni maqsad qilgan.