Halollik – islohotlarga ijobiy ta’sir qiladi
Munosabat
Joriy yil 5 mart kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida mazkur salbiy illatning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Yurtboshimizning nutqida, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurashish, adolatli va shaffof davlat boshqaruvi tizimini qurish, ishbilarmonlar uchun qulay ishlash muhitini yaratishga qaratilgan topshiriqlar alohida tilga olindi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati sifatida, ushbu yig‘ilishda belgilangan vazifalar partiyamizning 2024 yilgi Saylovoldi Dasturidagi maqsadlar bilan to‘liq hamohang ekanini ta’kidlamoqchiman. Partiyamiz korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirishni doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Yig‘ilishda yurtboshimiz 55 ta aniq maqsadga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surdi. Buning natijasida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari kuchayishi muqarrar. Ta’kidlanganidek, ular doirasida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qarorlar ishlab chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, Milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshiriladi.
Sir emaski, korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilmoqda. Shu bois endi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi to‘liq yangilanib, ularga viloyat xalq deputatlari kengashi raislari bosh bo‘lishining belgilanishi zamirida ham insonparvar siyosat mavjud.
Shuningdek, yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan endilikda noqonuniy tekshiruvlar ustidan prokuror nazorati kuchaytirilishi orqali joylarda biznes va investitsiya muhiti yaxshilanishiga erishish borasida aytilgan fikr elektoratimizning quvonchiga sabab bo‘ldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi, balki bu har birimizning burchimizdir.
To‘lqinjon Fayziyev,
O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi.
O‘zA