Halol mehnatning zahmatkash faxriylari
Hayotimizning fayzu barakasi, yoshlarning tarbiyasi, milliy qadriyatlarimizga to‘g‘ri munosabatni shakllantirish, oilalar mustahkamligi ko‘p jihatdan yoshi ulug‘, tabarruk otaxon va onaxonlarimizga bog‘liq.
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi qarori bilan yurt ravnaqi, jamiyatimiz rivoji yo‘lida uzoq yillar samarali mehnat qilgan va hozir ham jamoatchilik ishlarida, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yoshlarni qadriyatlarimizga hurmat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda namuna bo‘layotgan yurtdoshlarimizning bir guruhiga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonining ta’sis etilishi har bir mehnat faxriysiga o‘zini ko‘rsata olishi, boy hayotiy va kasbiy tajribasi, bilimi, aql-zakovatini namoyon eta olishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi.
Bu yilgi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan har bir nomzodning ijtimoiy-siyosiy va jamoatchilik faoliyati nomzodlarni o‘rganish komissiyasi a’zolari tomonidan xolislik, shaffoflik va adolat mezonlari asosida ko‘rib chiqildi. Joriy yilda mamlakatimiz bo‘ylab 1 ming 16 nafar nuroniy ushbu mukofot sohibi bo‘ldi.
Yurtboshimizning 2017-yil 14-iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori asosida bugunga kelib, ushbu mukofot sohibi bo‘lgan nuroniylarimiz safi 9 ming nafarga yaqinlashdi.
[gallery-30189]
Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va undan so‘ng qabul qilingan qarori bilan keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi bugun yuqori bosqichga ko‘tarildi.
Shu munosabat bilan nuroniylarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini kengaytirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirishga oid tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Faxriylarning muammolari manzilli o‘rganilib, ularni bartaraf etish, keksa avlod vakillarining boy hayotiy tajribasidan oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirishda keng foydalanish, ularning islohotlar jarayonida faol ishtirok etishini ta’minlashga e’tibor yanada kuchaytirilmoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari saroyining bayramona ruhda bezatilgan foyesida joriy yilda ushbu ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan faxriylarni o‘zbek milliy cholg‘u asboblari orkestri guruhi kuy-navolar bilan kutib olishdi. Mehmonlar saroy foyesida tashkil etilgan taniqli rassomlar va hunarmandlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Tantanali tadbirda “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvi raisi, “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev, ustoz jurnalist va publitsist, mazkur jamg‘arma raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov mamlakatimizda keksalarni e’zozlash, ularga izzat-ikrom ko‘rsatish yangilanish jarayonlarida ustuvor ahamiyatga ega ekanini e’tirof etdi.
Tantanali taqdirlash marosimiga yig‘ilganlar uchun sahna markaziga o‘rnatilgan ulkan monitorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nuroniylar bilan uchrashuvi chog‘ida olingan lavhalar, faxriylarning ijtimoiy faoliyatiga oid turli videoroliklar namoyish qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimlari, Oliy Majlisi Senati, Qonunchilik palatasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura faollari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi faollaridan bir guruhiga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari tantanali topshirildi.
Taqdirlash marosimida mamlakatimizning taniqli san’atkorlari tomonidan kuylangan qo‘shiqlar, sozandalar tomonidan ijro etilgan dilbar navolar, go‘zal raqslar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
Tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova so‘zga chiqdi.
N.Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA