Hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi
Aholini qiynayotgan masalalarni joyiga chiqib o‘rganish, ularga amaliy yechim topish hamda hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holat bilan yaqindan tanishish maqsadida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavhar Olimova Xovos tumani va Yangiyer shahrida saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida deputat Xovos tumanidagi 9-maktabda olib borilayotgan kapital ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. Ta’lim muassasasi direktori Jamshid Olimov sport zali pol qismini ta’mirlash va maktab hududida stadion barpo etish uchun amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Mazkur masala tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari bilan birgalikda atroflicha o‘rganilib, uni hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, Xovos tumanining “Istiqlol” mahallasida joylashgan 19 ta ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya tizimini ta’mirlash masalasi ham ko‘tarildi. Ushbu murojaat yuzasidan mutaxassislar ishtirokida o‘rganish ishlari olib borildi va muammoni bartaraf etish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston to‘kinchiligi, Mustaqillik va Yangiyer mahallalarida ham aholini qiynayotgan qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Davr, Kamalak, Ona zamin, Ijodkor, Umid nihollari, Marvarid va Osiyo ko‘chalarini asfaltlash, kichik stadion qurish, tomorqalarni sug‘orish uchun ariqlarni tiklash va lotoklar o‘rnatish kabi masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Mazkur muammolar yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborildi va ularni hal etish uchun aniq vazifalar belgilandi.


Shu kuni deputat Yangiyer shahridagi kasb-hunar texnikumida ham bo‘lib, ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishdi va o‘quvchilar hamda pedagoglar bilan muloqot qildi. Uchrashuv davomida texnikum hududidagi qo‘shimcha binodan foydalangan holda zamonaviy ustaxonalar tashkil etish taklifi ilgari surildi. Mazkur tashabbus ham mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganilib, amalga oshirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun yo‘naltirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri