Gulruxsor Prezident granti sohibasi
“Respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra 2021 yildan boshlab davlat OTMlari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy qilingan edi. Qarorda grant bo‘yicha xarajatlar davlat byudjetidan qoplanishi ko‘zda tutilgan.
2023-2024 o‘quv yili uchun o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti tanlovida 54 nafar da’vogar qatnashib, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra, ularning 25 nafari g‘olib deb topildi.
- Quvonarlisi, g‘oliblar safida Buxoro davlat pedagogika instituti tillar fakulteti talabasi Gulruxsor Jumayeva Buxoro viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari ichida yagona O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti sohibasiga aylandi, - deydi institut rektori Bahodir Ma’murov. Shuningdek, Gulruxsor o‘qish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olsa, bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.
Shu munosabat bilan u institut rahbariyati tomonidan pul mukofoti hamda tashakkurnoma bilan rag‘batlantirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.