Gulistonda oltin kuz manzaralari
Kuz fasli tabiatga o‘zgacha tarovat va go‘zallik bag‘ishlaydi. Daraxtlarning oltinrang va qizg‘ish tusga kirgan barglari, mayin shabadada yerga to‘kilayotgan xazonlar, quyoshning iliq nurlari atrofda betakror manzara hosil qiladi. Ayni kunlarda Guliston shahar istirohat bog‘ida ham kuzning ana shunday go‘zal pallasi hukm surmoqda.
Bog‘ yo‘laklariga to‘kilgan sarg‘ish barglar, daraxt shoxlari orasidan taralayotgan quyosh nurlari va osuda muhit bu maskanga o‘zgacha fayz bag‘ishlagan. Kuzning rang-barang manzaralari sayrga chiqqan aholi va shahar mehmonlariga xush kayfiyat ulashmoqda.
Ayniqsa, bog‘da sayr qilib, tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazayotgan bolajonlarning quvonchi o‘zgacha. Ulardan biri tengdoshlari bilan o‘yin-kulgiga berilgan bo‘lsa, boshqalari kuz manzaralarini qog‘ozga tushirish bilan mashg‘ul. Qo‘liga qalam va mo‘yqalam tutgan yosh musavvirlar tabiat go‘zalligini o‘z tasavvurlari orqali aks ettirmoqda.
[gallery-32037]
Kuzning sokin va rangin manzaralari, bolalarning beg‘ubor quvonchi Guliston shahar istirohat bog‘iga yanada o‘zgacha fayz bag‘ishlamoqda.
Umid OBIDJONOV (surat), O‘zA